Viloyat hokimi o`ziga yangi uy qurdi, adabiyotimiz gultoji Chustiyning hovlisi esa xarobaga aylandi

02.03.2021 07:20

Shu kunlarda Namanganda uy-joy bilan bog`liq ikki holat tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Biri Namangan shahridagi “Bunyodkor” mahallasida viloyat hokimining yangi qulayliklarga ega vaqtinchalik uyi qad rostlagani bo`lsa, ikkinchisi Chust tumanida adib Chustiy domlaning harobaga aylangan hovlisidir. Bu ikki manzara jamoatchilik tomonidan turlicha talqin qilinmoqda.  

Ayniqsa, tarjimon va shoir A`zamjon Obidovning Chustiy, ya`ni Nabixon (Nabixo`ja) Nurillaxo`ja o`g`li hovlisining bugungi ahvoli haqida yozganlari ko`pchilikni befarq qoldirmayapti:  

"Qanday millat bo`ldik?! Oddiy tuman hokimi o`rinbosari ham kutubxona yo boshqa ma`rifat o`chog`ini tezda buzib tashlab,  o`rniga mebel sexi qurishga izn bera oladi! Ammo hatto katta shahar va viloyat hokimiyati ham o`n nafar ijodkor chaqirib, o`zicha bitta xalqaro festival o`tkaza olmaydi! Prezident va Vazirlar Mahkamasi buyrug`ini kutishi kerak! Sitilar quryapmiz, biroq suratda ko`rib turganingizdek, katta shoirimiz Chustiy domlaning so`lim G`ova qishlog`idagi hovlisiniyam tashlandiq joydek tashlab qo`yamiz.

Chust tumanida o`zi uchta katta ulug` ajdodimiz bo`lsa, biri So`fizoda, yana biri Chustiy domla! Na uylari, na muzeylari bor, na adabiy meroslari bilan tanishish imkoni! Selektorni bahona qilib, ko`rishishga fursat topolmaydigan, boshini qum ichiga tiqqan hokimlar, hech yo`q onlayn ko`rishib, o`zingiz mas`ul bo`lgan tumaningiz, shahringiz, viloyatingizni adabiy-madaniy tomondan sal dunyoga bo`y cho`zishida samimiy yordam berishga qaratilgan takliflarimni eshitishga, amaliy qo`llashga ham vaqtingiz bo`lmasmi?.."

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
10
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар