“Biznesni rivojlantirish banki” ATB “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo`yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 15 noyabrdagi “Aholini kichik va o`rta biznesga keng jalb qilishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, 2024-2026 yillarda bankka:
kichik tadbirkorlik sub`ektlariga ajratiladigan kreditlar qoldig`ini 1,7 baravarga oshirish orqali kredit portfelidagi ulushini 28 foizdan 43 foizga etkazish;
150 mingta kichik tadbirkorlik sub`ekti faoliyatini yo`lga qo`yish va kengaytirish;
kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jami 800 million AQSh dollari miqdorigacha miqdorda resurslar jalb qilish vazifasi yuklatilgan.
“Biznesni rivojlantirish banki” ana shu maqsadlarni hayotga izchil tatbiq etish uchun kichik va o`rta biznes korxonalarini faol moliyaviy qo`llab-quvvatlamoqda. 2024 yilning 10 oyida bank tadbirkorlik sub`ektlariga 4 trln. so`mga yaqin kreditlar ajratdi.
“Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida bank tomonidan 1,7 trln. so`mdan ortiq kredit ajratildi. Xususan, o`rta biznes vakillariga 371,7 mlrd. so`m, kichik biznesga 612,9 mlrd. so`m, mikro biznesga 1 trln. 824 mlrd so`m kredit ajratilgan.
Shuningdek, bank tomonidan tarmoqlar kesimida sanoatga 941,2 mlrd. so`m, qishloq xo`jaligiga 339,6 mlrd. so`m, qurilishga 495,8 mlrd. so`m, savdo va umumiy ovqatlanishga 857,5 mlrd. so`m, transport va kommunikasiyaga 63,2 mlrd. so`m kreditlar yo`naltirilgan. Bundan tashqari, boshqa sohalar uchun yana 1,2 trln. so`m kredit taqdim etilgan.
Kelgusida ham kichik biznesni qo`llab-quvvatlash “Biznesni rivojlantirish banki”ning eng ustuvor yo`nalishi bo`lib qoladi. Bank bundan buyon ham yangi ish o`rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va jahon iste`mol bozorida raqobatbardosh eksportni ta`minlashga qaratilgan biznes loyihalarni moliyalashtirishda faol ishtirok etadi.