O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O`zenergoinspeksiya” tomonidan elektr energiyasidan samarali foydalanishni ta`minlash maqsadida iste`molchilar o`rtasida reydlar o`tkazilmoqda.
Joriy yilda ushbu reydlar natijasida kunning yorug` vaqtida yoritish chiroqlaridan samarasiz foydalanish bo`yicha 2 ming 356 ta holat aniqlandi. Shundan 442 ta holatda mansabdor shaxslarga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, 5 ta korxonaga esa moliyaviy sanksiya qo`llash bo`yicha dalolatnomalar tuzildi.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida jami quvvati 314,2 kVt bo`lgan elektr qurilmalarining behuda sarflanishi oldi olindi. Bu miqdor 25 ta xonadonning bir oylik o`rtacha elektr energiyasi iste`moliga teng.
So`nggi ikki kun ichida o`tkazilgan reydlarda faqat Toshkent shahrining o`zida kunning yorug` vaqtida chiroqlarni yoqib qo`yish bilan bog`liq 264 ta holat qayd etildi.
“O`zenergoinspeksiya” axborot xizmatining xabar berishicha, elektr energiyasini behuda sarflashga yo`l qo`ygan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 baravaridan 15 baravarigacha jarima qo`llaniladi. Bunday holatlarning oldini olish uchun yoritish qurilmalaridan faqat zarur bo`lgan hollarda foydalanish tavsiya etiladi.