O`zbekiston jahonning 121 mamlakati orasida eng xavfsiz davlat deb tan olindi. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Kriminologiya tadqiqot institut boshlig`i polkovnik, yuridik fanlari doktori Baxtiyor Berdialiev ma`lum qildi.
Buyuk Britasiyaning London shahrida joylashgan Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan “Safety Perception Index” xavfsizlikni baholash indeksi bo`yicha 2021—2023 yillar oralig`idagi ko`rsatkichlar o`rganilganda, mazkur reytingda O`zbekiston eng yaxshi natijani qayd etdi. Ya`ni, O`zbekiston jahonning 121 mamlakati orasida eng xavfsiz davlat deb tan olindi.
Yoki, Butunjahon odil sudlov loyihasi (World Justice Project ) tashkiloti tomonidan har yili o`tkaziladigan Huquq ustuvorligi indeksining Tartib va xavfsizlik indikatori bo`yicha O`zbekiston 2023 yilda:
– dunyoda 142 ta davlatlar orasida 12-o`rinni;
– Osiyoda 49 ta mamlakatlar orasida 5-o`rinni;
– Sharqiy Evropa, Markaziy Osiyo, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari orasida esa 1-o`rinni egallagan.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo mamlakatlar orasida O`zbekiston har 100 ming aholiga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar soni bo`yicha eng xavfsiz davlat hisoblanmoqda.
Qayd etilgan jami jinoyatlarning 60 foizini o`g`rilik, giyohvandlik, yo`l harakati qoidalarini buzish, firibgarlik va tan jarohati etkazish jinoyatlari tashkil etmoqda.
Qayd etilgan jinoyatlar har 100 ming aholiga nisbatan 161,2 tani tashkil etsa, shundan 28,2 ta o`g`rilik, 25,2 ta giyohvand va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasi, 19,2 ta yo`l harakati qoidalarining buzilishi, 18,9 ta firibgarlik va 12,8 ta tan jarohati etkazish jinoyatlarsi to`g`ri kelmoqda.