Bosh prokuratura: Ish haqi va nafaqa pullarining 5,8 mlrd so`mi talon - toroj qilingani aniqlandi

30.11.2024 15:54



Respublikadagi mahallalarning 3 646 tasida (38,5%) jinoyat qayd etilmadi, 4 596 tasida (48,6%) jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishildi. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma`lum qildi.

Shuningdek, aholi bandligini ta`minlash borasidagi vazifalar ijrosi ustidan nazorat kuchaytirilgan holda olib borilayotgani ham aytib o`tildi. Xususan, 381 nafar ishchi - xizmatchilarning kechiktirilgan 2,6 mlrd so`m ish haqlari undirib berilishi ta`minlandi. Ish haqi va nafaqa pullarining 5,8 mlrd so`mi talon - toroj qilingani aniqlanib, 71 ta jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Madaniy meroslarga shikast etmoqda

Birifingda respublika bo`yicha arxeologiya merosi ob`ektlarining 23 tasiga jiddiy shikast etkazilgani hamda 193 ta holatda arxeologiya merosi obektlarining muhofaza hududi buzilib qurilish qilingani yoki qishloq xo`jalik mahsulotlari ekilgani  aniqlanib, qat`iy choralar ko`rilgani ma`lum qilindi.

Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi “Pandiron” masjidining ta`mirlash - tiklash ishlarida loyiha talablariga rioya etilmagani natijasida yodgorlikka 341 mln so`m zarar etkazilgani hamda haqiqatda bajarilmagan 622 mln so`mlik ishlar hisobotlarga qo`shib yozilgani aniqlangan.

Mahallalarning 38,5 foizida jinoyat qayd etilmadi

Shuningdek, Hayot Shamsutdinov huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi tadbirlar tizimli ravishda  davom ettirilayotganini ta`kidlab, ko`rilgan choralar natijasida respublikadagi mahallalarning 3 ming 646 tasida yoki 38,5 foizida jinoyat qayd etilmaganini, 4 ming 596 tasi yoki 48,6 foizida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishilganini aytib o`tdi.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovda qonunchilikka rioya etilishini ta`minlash choralari doirasida surishtiruv va tergov organlarining 63 ming 047 nafar shaxsga nisbatan 50 ming 888 ta jinoyat ishi o`rganilib, sudlarga yuborildi.

Bevosita prokuratura organlari tomonidan 12 ming 342 ta jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov o`tkazilib, 11 ming 350 nafar shaxsga nisbatan 7 ming 477 ta jinoyat ishi sudlarga yuborildi, jinoyat oqibatida etkazilgan 2,6 trln so`mlik zarar undirildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар