Bugun, 29 noyabr kuni Oliy Majlis Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitalarining qo`shma majlisida "Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to`g`risida"gi qonun muhokama qilindi.
2007 yilda qabul qilingan qonunda yod etishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatga yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste`mol qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Ammo 2024 yilning 9 oyi yakuniga ko`ra mamlakatimizda mavjud 94 ta osh tuzi ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va undan foydalanuvchi korxonalarning bor-yo`g`i 24 tasida laboratoriya bor, faqatgina 72 tasida dozatorlar o`rnatilgan. Ammo o`rnatilgan ayrim dozatorlar mutlaqo talabga javob bermaydi.
Sog`liqni saqlash vazirligiga ko`ra, 2024 yilning 9 oyi davomida tuz ishlab chiqaruvchi korxonalardan olingan 263 ta namunadan 65 tasida (25%), savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan olingan 1110 ta namunaning 347 tasida (31,5%), maktabgacha va maktab ta`limi muassasalaridan olingan 3613 ta namunaning esa 1263 tasida (35%) yod miqdori belgilangan talabga javob bermasligi aniqlangan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida hech qanday hujjatsiz tuzni qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va tashish faoliyati bilan noqonuniy shug`ullanib kelayotgan 4 ta korxona aniqlangan.
Ushbu korxonalarda tuzni yodlash dozatorlari mavjud emas. Omborlarda mahsulotlarni saqlash qoidalariga amal qilinmagan, qayta ishlab chiqarish uchun keltirilgan birlamchi tuzlarning tegishli hujjatlari, xususan sertifikatlari mavjud emas. Tuz belgilangan talabga javob bermaydigan paketlarga qadoqlanmoqda. Mahsulot ishlab chiqarilgan sanalar ko`rsatilmagan holda sotuvga chiqarilmoqda. Ayrim hollarda qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgani aniqlangan.
Ayrim tadbirkorlar tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni suiiste`mol qilib, aholining sog`lig`i uchun zararli bo`lgan mahsulotlarni sotishni davom ettirmoqda.
Majlis yakunida qo`mitalarning aniq takliflari aks etgan qo`shma qarori qabul qilindi.