2025 yilning 1 yanvaridan boshlab, kam ta`minlangan oila bolalarini mehribonlik uylariga vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi.
Bu haqda "Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida" (PF- 185-son, 14.11.2024 ) qabul qilingan Prezident farmonida ma`lum qilindi.
Qayd etishicha, qaror etim va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan yoshlarga ta`lim olish, bandligini ta`minlash, uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun ijtimoiy yordam ko`rsatishni, hamda etim va qarovsiz qolgan bolalarni farzandlikka olish istagini bildirgan tutingan ota-onalarning nomzodlarini ko`rib chiqishni o`z ichiga oladi.
Shuningdek, bosqichma-bosqich Andijon viloyati, Toshkent shahri va Samarqand viloyatlarida kichik hajmli bolalar uyi tashkil etish rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 fevraldan boshlab, farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo`lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida "Onalar maskani" xizmati yo`lga qo`yiladi.
Xususan, onalar va ularning bolalari (4 yoshgacha bo`lgan) ijtimoiy shartnoma asosida 1 yil davomida vaqtincha boshpana bilan ta`minlanadi va bu yil davomida ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko`rsatiladi. Jumladan, onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta`minlashga ko`maklashiladi.