Prezident qarori (PQ-397-son, 20.11.2024 y.) bilan “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, "Vatandosh" kartasiga ega shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
—O`zbekiston Respublikasiga hududiga vizasiz kirish va chiqish;
—mamlakat hududida ko`chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan ko`chmas mulkning miqdorlari tatbiq etilmaydi va O`zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
—xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga bo`lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shug`ullanish;
—O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta`lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish. Karta egalarining oila a`zolariga (ota-onasi, er (xotini) va voyaga etmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:
—amaldagi viza muddatini uzaytirishda O`zbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji undirilmasdan ko`p martalik viza olish;
—O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, ta`lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
—vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olishni davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish imkoni beriladi.
"Vatandosh" guvohnomasi o`zi nima?
Bu hujjat xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag`batlantirish shakli bo`lib, yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan do`stona munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo`shayotgan, respublikada xayriya (mesenatlik) faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorchilik va tashakkur belgisi hamda "Vatandosh" kartasini olish uchun asos hisoblanadi.
Vatandosh kartasi esa, guvohnoma asosida 5 yil muddatga (vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan oshmagan holda) beriladigan hamda O`zbekiston Respublikasi hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi ID karta shaklidagi hujjatdir.