Minnatdorlik, manfaatdorlik, oddiy hol va qo`rquv: Aholi korrupsiya va u haqda xabar berish borasida qanday fikrda?

19.11.2024 07:29

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida “Korrupsiyaga qarshi kurashda korrupsiya haqida xabar berishning o`rni va ta`siri” mavzusida o`tkazilgan so`rovnoma natijalariga bag`ishlangan tadbir o`tkazildi (https://t.me/antikor_uzb/3116?single).

Tadbirda taqdimot qilgan BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi Samarali boshqaruvi bo`yicha klasteri rahbari Kamila Muhamedxanovaning aytishicha, loyiha doirasida respublikaning barcha hududlaridan 500 nafardan ortiq respondentlar bilan kompyuterlashtirilgan telefon so`rovi, o`nta vazirlik va idoralarning 20 nafardan ortiq xodimi bilan anonim so`rovlar hamda 53 ta maqsadli guruhlarda muhokamalar o`tkazilgan.

Tadqiqotda respondentlarning 74,0 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga va 82,2 foizi elektron platforma yoki mobil ilova orqali xabar berishga tayyorligini bildirgan.

“So`rovda ishtirok etgan respondentlarning 19,8 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar bermaslikning asosiy sabablari sifatida undan o`zlari manfaatdorligi, 20,4 foizi esa kimga murojaat qilishni bilmasligini qayd etgan. Shu bilan birga, respondentlarning 13,8 foizi minnatdorchilik sifatida sovg`a berishni oddiy hol deb hisoblashini, 7,4 foizi esa bunday harakatlarni korrupsiya holati deb bilmasligini ta`kidlagan.

Respondentlarning 48,6 foizi xabar berish oqibatlaridan qo`rqishini, 25 foizi xabar berish befoyda ekanini, hech kim bunga e`tibor bermasligini bildirgan. 14 foiz kishi pul va sovg`a berishni minnatdorlik belgisi sifatida ko`radi”, deydi Kamila Muhamedxanova.

Ta`kidlanishicha, aksariyat kishilar sovg`a berishni korrupsiya emas, balki minnatdorlik deb tushunishini bildirgan.

So`rovnoma natijalariga ko`ra, tibbiyot muassasalari, maktabgacha va oliy ta`lim muassasalari, hokimliklar, ichki ishlar organlari va yo`l harakati xavfsizligi xizmatlari eng korrupsiyalashgan sohalar deb belgilangan.

Jamoatchilik ko`pincha korrupsiyani poraxo`rlik va qarindosh-urug`chilik deb tushunadi, xolos. 50 foizdan ortiq respondentlar mansabni suiiste`mol qilish va qarindosh-urug`chilikni korrupsiya deb biladi. 40 foizdan kamrog`i uchun esa qimmatbaho sovg`a berish korrupsiyadir. Aksariyat kishilar sovg`a berishni korrupsiya emas, balki minnatdorlik deb tushunadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар