O`zbekiston davlat qarzi 2025 yil yakunida 45,1 milliard dollarga etishi pronoz qilinmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Fuqarolar uchun byudjet” hisobotida keltirilgan.
Qayd etilicha, joriy yilda yangilangan hisob–kitoblarga ko`ra, davlat qarzi 39,7 milliard dollarga etishi kutilmoqda.
“2025 yilga kelib, davlat qarzi 45,1 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,7 foizni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda”, —deyiladi vazirlik axborotida.
Manbaga ko`ra, 2024 yil yakunida davlat tashqi qarzini jalb qilish bo`yicha yangidan imzolanadigan shartnomalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etiladi. Shundan 2,5 milliard dollari investisiya loyihalariga, 2,5 milliard dollari byudjetni qo`llab–quvvatlashga yo`naltiriladi.
2025 yilda esa qariyb 5,5 milliard dollarlik davlat tashqi qarzini jalb qilish rejalashtirilgan. Mazkur kredit mablag`larininng 2,5 milliard dollari investisiya loyihalari, 3 milliard dollari esa byudjetni qo`llab quvvatlash uchun sarflanishi kutilmoqda.
Davlat qarzi bo`yicha prognozlar
2024 yil 1 iyul holatiga O`zbekiston davlat qarzi 37 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 33,2 foizni tashkil qilgan. Shundan davlat tashqi qarzi 30,9 milliard dollar (YAIMning 27,7 foiziga teng), davlat ichki qarzi 6,1 milliard dollarga (YAIMga nisbatan 5,5 foiz) etgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy yil 1 iyul holatiga davlat qarzi mablag`lari quyidagi tarmoqlarga sarflanganini ma`lum qilgan:
davlat byudjetini qo`llab-quvvatlash dasturlariga — 13 milliard dollar;
energetika loyihalariga — 5,7 milliard dollar;
qishloq va suv xo`jaligi loyihalariga — 2,8 milliard dollar;
transport loyihalariga — 2,7 milliard dollar;
uy-joy kommunal xo`jaligi loyihalariga — 2,7 milliard dollar;
sog`liqni saqlash, ta`lim, axborot va kommunikasiya texnologiyalari loyihalariga— 2,3 milliard dollar;
boshqa sohalarga — 1,7 milliard dollar.