Kadastr agentligining To`raqo`rg`on tuman bo`limi boshlig`i er uchastkasini o`zboshimchalik bilan egallab olgan fuqarodan jarima qo`llamaslik uchun xodimining to`yiga to`yona berishni talab qilgan. Fuqaro farzandlariga o`quv qurollari olish uchun birovdan 100 dollar qarz ko`targanini, shuni berishini bildirgan. Biroq bo`lim boshlig`i yana 300 dollar so`ragan. U “to`yona”ni olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Kadastr agentligi Namangan viloyati To`raqo`rg`on tuman bo`limi boshlig`i lavozimida ishlab kelgan Jobir Mahmudov ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmida bayon qilinishicha, Jobir Mahmudov er uchastkasini o`zboshimchalik bilan egallab, foydalanib kelgan fuqaroga unga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan holda 51 mln so`m jarima qo`llanishini bildirgan. Fuqaro 2024 yil 21 avgust kuni Kadastr agentligi To`raqo`rg`on tuman bo`limiga kelib, Jobir Mahmudov bilan uchrashgan hamda 51 mln so`m ma`muriy jarima qo`llamaslikni so`ragan. U tomorqasining er uchastkasiga tegishli hujjatlarini rasmiylashtirayotganini, tez orada ularni taqdim etishini aytgan.
Jobir Mahmudov esa bir xodimining to`yi bo`layotganini aytib, fuqarodan noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgani uchun ish qo`zg`atmaslik evaziga to`yona berishini talab qilgan. Fuqaro farzandlariga o`quv qurollari olish uchun bir tanishidan 100 dollar qarz ko`targanini, shu mablag`ni berishini, boshqa puli yo`qligini ma`lum qilgan. Bo`lim boshlig`i tamagirlik yo`li bilan yana 300 dollar “to`yona” so`ragan.
2024 yil 22 avgust kuni fuqaroning arizasi asosida tezkor tadbir o`tkazilgan. Unda Jobir Mahmudov To`raqo`rg`on tumani Oqtosh mahallasi hududida o`zining Lacetti mashinasida 300 dollarni pora tariqasida olgan. So`ngra mashinasini harakatlantirib, IIB xodimlarining to`xtash ishorasiga bo`ysunmasdan, 300 dollarni mashina oynasidan uloqtirganicha voqea joyidan qochgan. Ammo u pulni olgani Namangan viloyat IIB EKBning xulosasi bilan tasdig`ini topgan.
Sud hukmi bilan Jobir Mahmudov Jinoyat kodeksi 210-moddasi 2-qismining “v” bandida (tamagirlik yo`li bilan pora olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan Kadastr agentligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.