Samarqand shahri, Kattaqo`rg`on, Paxtachi va Narpay tumanlarida mansabdorlar pora bilan qo`lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1972 yilda tug`ilgan Samarqand shahar Mudofaa ishlari bo`limining Safarbarlik chaqiruv rezervi bo`linmasi boshlig`i, podpolkovnik va uning yordamchisi o`z mansab vakolatidan noqonuniy yo`llarda foydalanib, o`zaro jinoiy til biriktirgan holda Samarqand shahrida yashovchi mahalliy fuqaroning AQShga ishlash uchun ketgan o`g`lini safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni o`tagani xususida soxta harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 AQSh dollari talab qilgan. “Ustasi faranglar” kelishilgan mablag`ni olayotgan vaqtda qo`lga tushgan.
Shuningdek, Kattaqo`rg`on tumani Soliq inspeksiyasi inspektori mazkur tumanda yashovchi mahalliy fuqaroning 11 million 500 ming so`m miqdoridagi soliq qarzini elektron bazadan o`chirish va qarzdorlik to`langani xususida soxta hujjat rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 6 million so`m pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olingan.
Xuddi shunday, poraxo`rlik bilan bog`liq jinoiy harakatlar Paxtachi va Narpay tumanlarida ham sodir etilgan. Jumladan, Milliy gvardiya Paxtachi tumanlararo qo`riqlash bo`limi xodimi mahalliy fuqaroga Paxtachi tumanida joylashgan “Qoraqo`ton oltin koni” hududidagi 25-sonli shaxtadan tarkibida oltin moddasi bo`lgan toshlarni qazib olishga sharoit yaratib berish evaziga 8 million so`m va 600 AQSh dollari talab qilib, kelishilgan puldan qolgan 600 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan bo`lsa, Samarqand viloyat Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muhandisi mahalliy fuqaroning yaqin qarindoshi nomidagi turarjoyga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 700 AQSh dollarini cho`ntakka joylamoqchi bo`lgan vaqtida fosh etilgan.