“O`q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ-381-son, 04.11.2024) qabul qilindi.
Unga ko`ra, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida bosqichma-bosqich 10 m masofaga o`q otish sport bazalarini tashkil etiladi hamda ularni zamonaviy sport anjomlari va inventarlari bilan jihozlanadi.
2025 yildan boshlab har yili tuman (shahar)lardagi sport maktablarida bosqichma-bosqich o`q otish sport turlari bo`yicha sport guruhlari tashkil etiladi.
2025/2026 o`quv yilidan boshlab umumiy o`rta ta`lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik fani o`quv dasturlari doirasida “O`qotar va pnevmatik sport qurollarining taktik-texnik tavsiflari” amaliy mashg`ulotlari kiritiladi. Zarur amaliy mashg`ulotlarni tashkil etishda esa harbiy qism, muassasalar, harbiy poligonlarning o`quv-moddiy bazasidan foydalaniladi.
Shuningdek, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Sport faoliyati: o`q otish va stenddan o`q otish” bakalavriat ta`lim yo`nalishi ochiladi.