MIBning bitta tuman bo`limining mansabdorlari davlatga ko`p miqdorda moddiy zarar etkazdi

07.11.2024 16:04

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, agentlik tomonidan o`tkazilgan o`rganishda Majburiy ijro byurosining Shayxontohur tuman bo`limi mansabdor shaxslari bir qancha qonun buzilishini sodir etgan.

"O`rganish jarayonida mansabdorlarning mansabiga sovuqqonlik bilan qarash, xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo`lish, ish yurituvidagi ijro hujjatlarini asossiz tamomlash oqibatida fuqaro, jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko`p miqdorda moddiy zarar etkazilgani aniqlandi.

Xususan, 200 ta ijro ishida 202,9 mlrd so`mlik qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`yilgan", – deyiladi Antikorrupsiya xabarida.

Jumladan, Byuroning tuman bo`limi ish yurituvidagi birgina MChJdan davlat foydasiga undirish kerak bo`lgan 19 mlrd so`mlik soliq qarzdorligin to`g`risidagi ijro ishlari asossiz tugatilgan. Oqibatda ushbu soliq qarzdorligi bugungi kunga qadar undirilmagan.

Shuningdek, yana boshqa ko`pgina davlat foydasiga undirish lozim bo`lgan soliq qarzdorliklarining undirish to`g`risidagi ijro ishlari mazkur korxonalar faoliyat yuritib kelayotgan manzili aniq bo`la turib, asossiz tamomlangan.

Ba`zi qarzdor korxonalarning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar mavjud bo`lsada, hujjatlar asossiz yakunlangan.

Agentlik xabariga ko`ra, mazkur holatlar yuzasidan o`rganish mobaynida to`plangan hujjatlar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan ekan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар