2024 yilning 9 oyida qo`pol qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`ygan 8 ming 93 nafar mansabdor shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Adliya vazirligining kengaytirilgan hay`at majlisida aytib o`tildi.
Yig`ilishda norma ijodkorligi, huquqiy va davlat xizmatlari ko`rsatish, murojaatlar bilan ishlash, ochiqlik siyosati va boshqa sohalar kesimida tahliliy ma`lumotlar keltirildi. Xususan, 1 ming 569 normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o`tkazildi. Tashabbus bilan 187 loyiha ishlab chiqildi. Joylarda 420 mingdan ziyod huquqiy targ`ibot tadbiri o`tkazildi.
Kelib tushgan 123 mingdan ziyod murojaatdan 78 foizi qonuniy hal etilib, fuqaro va tadbirkorlar manfaatida kiritilgan ta`sir choralari natijasida pul mablag`i undirib berildi.
Davlat organlarining 44 mingdan ziyod noqonuniy hujjati bekor qilindi. Qo`pol qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`ygan 2 ming 686 nafar shaxs intizomiy hamda 8 ming 93 nafar mansabdor shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 8,4 milliondan ortiq xizmat ko`rsatildi. Xizmat ko`rsatish jarayoni va bosqichlari soddalashtirilishi natijasida o`rtacha xizmat ko`rsatish vaqti 5 daqiqani tashkil etmoqda.
Yuridik xizmat markazlari tomonidan davlat tashkilotlarining 6,3 milliondan ziyod hujjati loyihalari bo`yicha huquqiy xulosalar berildi. Shu bilan birga, sohada ayrim muammolar mavjudligi, jumladan, murojaatlar bilan ishlashda ayrim rahbarlarning qat`iyatsizligi va huquqni qo`llash sohasidagi muammolarni hal etishda tizimli yondashuvning etishmasligi kabi kamchiliklar mavjudligi ta`kidlanib, ularni bartaraf qilish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.