“Invest Finance Bank” AJ jarimaga tortildi — Raqobat qo`mitasi

05.11.2024 10:52

Raqobat qo`mitasi tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar davomida “Invest Finance Bank” AJning kredit xizmati reklama axborotida iste`molchilarni chalg`ituvchi ma`lumot berilganligi aniqlandi.

Bunda, "Invest Finance Bank" AJ tomonidan Toshkent shahrining bir qator ko`chalarida joylashgan LED monitorli reklama ob`ektlarida e`lon qilingan "50 000 000 tanishlarsiz, 50 kun foizlarsiz, 5 yilga, ta`til uchun, ta`mirlash uchun, texnika uchun" mazmunidagi reklama axboroti berilganligi kuzatildi.

Mazkur reklama bo`yicha bankning rasmiy veb-sayti o`rganilganda, faqatgina “Infin Black" kredit kartasi uchun 50 million so`mgacha, 60 oyga, yillik 23,99 foizdan kredit ajratilishi, kartadan naqd pul echish 2 foiz, kartadan kartaga pul o`tkazish 1 foiz, alohida belgilanadigan foiz stavkasi yillik 25,55 foizdan 54,75 foizgacha ko`rsatilgan.

Kredit bo`yicha qo`shimcha shartlar va muxim ma`lumotlar tashqi reklamada ko`rsatilmagan.

Yuqoridagilarga ko`ra, qo`mita maxsus komissiyasi tomonidan "Reklama to`g`risida"gi hamda "Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida"gi Qonunlar  talablari buzilish alomatlari yuzasidan "Invest Finance Bank" AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo`zg`atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy  jarima qo`llash haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo`l qo`ymaslik bo`yicha ko`rsatma berildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар