Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko`rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Jumladan, "Davlat boji to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga kiritilgan o`zgarishga ko`ra, o`zgalar parvarishiga muhtoj bo`lgan yolg`iz keksalar, yolg`iz yashovchi keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarni yo`qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikasiyalovchi ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to`lashdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari o`zgalarning parvarishiga muhtoj bo`lgan 80 yoshga to`lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo`shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi, shuningdek o`zgalar parvarishiga muhtoj bo`lgan yolg`iz keksalarga, yolg`iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo`lgan shaxslarga shahar yo`lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.
Shuningdek, etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olingan uy-joyni ularning nomiga rasmiylashtirish uchun notarial harakatlarni amalga oshirishda davlat bojini to`lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.