SSVga qarashli tashkilot tanlovida SSV amaldoriga tegishli bo`lgan kompaniya g`olib bo`lgan
«Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko`p tarmoqli klinikasi» davlat muassasi tomonidan 244 mln so`mlik tanlov e`lon qilingan.
Bugun joylashtirilgan tanlovda ikki talabgor ishtirok etib, «Orient alliance» MChJ 238,7 mln so`m narx taklifi bilan tanlov g`olibi deb topilgan.
Bir qancha ochiq manbalardagi ma`lumotlarga ko`ra: «ORIENT ALLIANCE» MChJning ta`sischilaridan biri (45 foiz) Xoshimov Doniyor Baxtiyorovich ayni paytda Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Salomatlik-3» loyihasini amalga oshirish Markaziy byurosining rahbari hisoblanadi.
registr.stat.uz’ga asoslanadigan bo`lsak, hozirgi vaqtda Xoshimov Doniyor Baxtiyorovich nomi «ORIENT ALLIANCE» MChJ ta`sischilari tarkibida uchramaydi.
Shuningdek, «ORIENT ALLIANCE» MChJning ta`sischilaridan yana biri (45 foiz) Xashimov Baxtiyor Arifdjanovich (D.B.Xoshimovning otasi) uzoq yillar davomida Sog`likni saqlash vazirligini iqtisodiyot moliya va prognozlashtirish bosh boshqarmasini boshlig`i lavozimida ishlagan hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Kuzatuv kengashi a`zosi hisoblangan.
Bundan tashqari, 2023-2024 yillar mobaynida «ORIENT ALLIANCE» MChJ Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi bir qancha tashkilot (markaz va klinika)lar tomonidan autsorsing bo`yicha o`tkazilgan tanlov va tenderlarda g`oliblikni qo`lga kiritib kelgan.