Rivojlangan davlatlarda odamlar poezdga biletlarni yarim yil avval xarid qiladi — transport vaziri “Afrosiyob” poezdlariga chipta etishmayotganiga izoh berdi
Toshkent shahrida 17–25 oktyabr kunlari Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligida transport vaziri “Afrosiyob” poezdlariga chiptalar narxi yuqoriligi va etishmasligi bilan bog`liq vaziyatni izohladi.
“Afrosiyob” poezdlari o`zini o`zi oqlaydigan bo`lsa, bozor iqtisodiyotiga o`tsak, uning chiptalari narxi oshirilishi tabiiy. Respublika byudjeti bizlarga “Afrosiyob”dan tashqari bo`lgan transport vositalari, boshqa turdagi vagonlarni subsidiya qilib berish kafolatini olgan. Biz yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob”ni tijoratlashtirishga o`tyapmiz. Unga muqobil sifatida bilet narxi arzonroq bo`lgan kupe va elektropoezdlar bor. Hammamiz “Afrosiyob”ga yopishib olishimiz noto`g`ri. Masalan, Samarqandgacha faqatgina “Afrosiyob” bilan emas, har bir yo`nalishda “Sharq”, “Nasaf” poezdlarimiz mavjud. Narx masalasida sifatga qarashimiz kerak”, dedi vazirlik rahbari.
Ilhom Mahkamov “Afrosiyob” poezdlariga chipta narxlari oshgani talabga qanday ta`sir qildi”, degan savoliga ham javob qaytardi.
“Tezyurar poezdlarga talab ortib bormoqda. Aholida jamoat transportidan foydalanish ulushi oshdi. Chiptalarni onlayn tarzda xarid qilish imkoniyatini yaratib beryapmiz. Biroq onlayn sotuvda bilet yo`q, degan e`tirozlar bildirilyapti. Hozir telefondan qarab berishim mumkin, chipta topish mumkin. Rivojlangan davlatlarda odamlar o`zining harakatlanishini yarim yil oldin rejalashtiradi, poezdga biletlarni ham yarim yil avval xarid qiladi. Hammasi rejali bo`ladi. Albatta, bu tabiiy hol. 38 millionlik aholimiz bor. Biz poezdlarga sutkasiga 1 000–1 200 kishiga taklif berayotganimizdan keyin, reysga 5–10 kun qolganda, tabiiyki, ulgurgan odam chipta sotib olaveradi”, dedi vazirlik rasmiysi.