“Reklama to`g`risida”gi hamda “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan "DAVR BANK" ATBga nisbatan belgilangan tartibda ish qo`zg`atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo`llash haqida qaror qabul qilindi.
Bu haqda Raqobat qo`mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Gap shundaki, "DAVR BANK" ATB tomonidan e`lon qilingan "Davr mobile ilovasida 50 000 000 so`mgacha onlayn mikrokredit” mazmunidagi reklama o`rganib chiqilganda, mikro qarz bo`yicha qo`shimcha shartlar va muhim ma`lumotlar tashqi reklamada ko`rsatilmagani ma`lum bo`ldi.
Bankning rasmiy veb-sahifada esa mikroqarz istalgan maqsadlarda foydalanish uchun ajratilishi, "Davr mobile" ilovasi orqali rasmiylashtirilishi, qarz oluvchi kamida oxirgi 6 oy davomida doimiy ish joyiga hamda oylik daromadga ega bo`lgan bo`lishi lozimligi ko`rsatilgan.
Shuningdek, mikroqarz muddati – 60 oygacha, foiz stavkasi – 43,00 foiz, qarz miqdori – 50,0 mln so`m etib belgilanganligi aniqlangan.
Ikkinchi holatda, Toshkent shahrining bir qator ko`chalarida joylashgan LED monitorli reklama ob`ektlarida “Tadbirkorlar uchun 5 milliard so`mgacha kredit, 24 % dan" mazmunidagi reklamalar joylashtirilgan.
Mazkur reklama bo`yicha bankning rasmiy veb-sayti o`rganilganda, kredit:
asosiy vositalarni sotib olish uchun;
-muddati – 60 oygacha;
-foiz stavkasi – 32,99 foiz;
-miqdori – 5 milliard so`mligi haqidagi ma`lumotlar ko`rsatilgan.
Ammo kredit bo`yicha qo`shimcha shartlar va muhim ma`lumotlar tashqi reklamada ko`rsatilmagan.