Hokimiyat tadbirkorga bergan erni vazirlik auksionda sotib yuborgan

31.10.2024 18:10

Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi auksion orqali qum-shag`al qazib olish uchun sotib yuborgan er aslida Shofirkon tuman xokimligi tomonidan tadbirkorga 49 yil muddatga ijaraga berilgan edi.

Davlat geologiya va mineral resurslar  qo`mitasi (hozirgi Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi) tomonidan 2021 yil 11 may kungi №17-1855-sonli xat bilan Buxoro viloyatidagi 78 ta kon uchastkalarining ro`yxati shakllantirilib, kelishish uchun viloyat hokimligiga yuborilgan.

Mazkur uchastkalarining hududlari Kadastr agentligining Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan o`rganilganda, 30-tartib raqamdagi burchak koordinatalari joylashgan er maydoni “Nurli bog`-2020” MChJga tegishliligi aniqlangan va bu haqda darhol Davlat geologiya va mineral resurslar  qo`mitasi (hozirgi Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi)ga tegishli ma`lumot taqdim qilingan.

Tumandagi Er uchastkalarini ajratish masalalarini ko`rib chiquvchi komissiyaning 2020 yil 25 noyabrdagi yig`ilish bayonnomasi asosida Shofirkon tuman hokimining “Nurli bog`-2020” MChJga yangidan intensiv mevazor va uzumzor tashkil etish uchun er maydoni ajratish to`g`risida”gi 724-sonli qarori bilan “Nurli bog`-2020”ga 200 gektar er ajratilgan edi.

Mazkur qaror asosida Shofirkon tuman xokimligi bilan “Nurli bog`-2020” MChJ o`rtasida 49 yil muddatga erni ijaraga olish shartnomasi imzolangan.

Shunga qaramasdan, Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi ushbu ma`lumotni inkor qilib, qishloq xo`jaligi erlari toifasiga kiritilgan ushbu 15,5 gektar er maydonini qum-shag`al qazib olish uchun auksionga chiqarib yuborgan. 

Oqibatda, Prezidentning 2019 yildagi “Qishloq xo`jaligi er va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5742-sonli qarori talablari buzilgan.

Erni auksionda yutib olgan “Techno-crusher stone” MChJning birlamchi hujjatlarida er qa`ri uchastkasi nomi “Osiyo koni 1-uchastkasi” deya atalgan hududning aniq manzili, chegara koordinatalari aniq belgilanmagan.

Davlat Geologiya va mineral resurslar qo`mitasi xuzuridagi Kon-Geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining 2022 yildagi 1-01/1718-sonli xatida “Techno-crusher stone” MChJ tomonidan konda qazish ishlari boshlanishidan oldin, sug`oriladigan erlar toifasiga mansubligi hamda qishloq xo`jaligida foydalaniladigan er turiga kiradimi yoki yo`qligi to`g`risida mahalliy xokimliklardan tegishli xulosa olgan holda ishlash tavsiya etilishi” bayon qilingan bo`lsa-da, bu ishlar  amalga oshirilmagan. 

 

Yuqoridagi noqonuniy xolatlar tuman prokuraturalarida o`rganilib, Toshkent tumanlararo Ma`muriy sudida ko`rilgan.

Mazkur sudning 2023 yil 19 dekabrdagi hal qiluv qarori bilan Geologiya va mineral resurslar qo`mitasining 2022 yil 14 mart kungi qarorining “Nurli bog`-2020” MChJga tegishli 15,46 gektar er maydonini auksionga chiqarish to`g`risidagi qismi haqiqiy emas deb topilgan.

Shundan so`ng, sudning ushbu qaroriga nisbatan auksionda er maydonini yutib olgan “Teshno-crusher stone” MChJ  tomonidan apellyasiya shikoyati keltirilgan.

Toshkent shahar ma`muriy sudi apellyasiya instansiyasining 2024 yil 14 fevraldagi qarori bilan Toshkent tumanlararo sudining hal qiluv qarori o`zgarishsiz qoldirilib, shikoyat rad qilingan.

Shundan so`ng viloyat va tuman prokuraturalari tomonidan arizani o`rganish natijasiga ko`ra, ushbu nizoli er maydoni “Teshno-crusher stone” MChJ nomiga davlat ro`yxatidan o`tkazish imkoni mavjud emasligi tushuntirilgan.  

Vazirlar Mahkamasining “Er qa`ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 133-sonli qarorida er qa`ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma berish bilan bir vaqtda, ushbu sohadagi vakolatli organ va er qa`ridan foydalanuvchi o`rtasida uchastkaning ijara shartnomasi tuziladi. 

Shunday bo`lsa-da, “Teshno-crusher stone” MChJ va Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi «Er qa`ridan foydalanish markazi» davlat muassasasi o`rtasida er uchastkasining ijara shartnomasi tuzilmagan.

Hozirgi kunda ushbu er maydonidan 3 gektar hududida noqonuniy ravishda qum-shag`al kovlab sotilmoqda

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар