"Kambag`allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo`lgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi to`g`risida"gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash maqsadlari uchun asosiy stavkadan 4 foiz bandga yuqori stavkada 120 million so`mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga ipoteka kreditlarini ajratiladi.
Ipoteka krediti bo`yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz to`lovlarining bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to`lab beriladi.
Shuningdek, kambag`allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo`lgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlashda kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish bilan bog`liq to`lovlar qiymati 50 foizga kamaytiriladi.
Subsidiyalar "subsidyplatform.mf.uz" to`lov platformasi orqali ajratiladi.