YoXUD KEYINGI AVLOD BO`YNIGA YuKLANAYoTGAN SOVET DAVRI POEZDLARI
Jurnalistga «O`zbekiston temir yo`llari» AJ mutasaddilaridan qo`ng`iroq bo`ldi:
— Poezdlarning ahvoli haqidagi maqolani siz yozganmisiz?..
— Ha, men yozgandim...
— Qaerdasiz, sizga mashina yuboramiz.
— Yo`q mashina yuborishingiz shart emas. Men hozir bora olmayman.
— Sizga o`zingiz ko`rishingiz uchun «Toshkent-Qo`ng`irot» poezdimizning yo`lga chiqishdan avval qanday tozalanishi va tayyorgarlik ko`rishini ko`rsatmoqchimiz...
— Ilojim yo`q, bora olmayman...
— Nega kelolmaymiz, maqolangizda chang bosgan, kir-chir deb yozgansiz-ku, asl holatni sizga ko`rsatmoqchimiz. (Jurnalist xolis axborot berishi kerak, mazmunida po`pisa eshitildi)
— Meni to`g`ri tushuning, afsuski, hozir bora olmayman, chunki men hozir o`sha sizlar aytayotgan poezdning ichidaman...
«O`zbekiston temir yo`llari» mutasaddilari bilan deyarli shu mazmundagi savol-javobimiz vagonlardagi haqiqiy holat aslida siz aytganchalik emas, yozganlaringiz asossiz ekanligini ko`rsatamiz, qabilidagi taklifdek tuyuldi bizga.
***
Rost24.uz axborot saytida 22 fevral kuni «Toshkent–Qo`ng`irot» yo`nalishidagi poezdning 50-60 yildan buyon ishlatib kelinayotgani, allaqachonlar muddatini o`tab bo`lgan vagonlari va bu vagonlardagi ayni paytdagi manzara haqida maqola e`lon qilingan edi. «19 yil Ramatov boshqargan «O`zbekiston temir yo`llari»ning badbo`y, kir va chang bosgan vagonlaridan reportaj» nomli tanqidiy materialimizda guvoh bo`lib tasvirga olganlarimiz bayon etilgandi...
Ayrim tashkilotlarni umuman tushunib bo`lmaydi, hamon sovet davridagi «komissiya keldi» qabilida ishlaydi. Kim uchundir yoki hisobot uchunmi, vaziyat yaxshilanadi.
Matbuot uchun maxsus tayyorlanish ko`zbo`yamachilik emasmi? Saytda poezdning abgor ahvoli tasvirlangani uchun «O`zbekiston temir yo`llari» matbuot xizmati tahririyati jurnalistdan emas, almisoqdan qolgan poezdlarni yangilamagan rahbariyatdan norozi bo`lishi kerak.
Ular aslida holat qanday ekanini ko`rsatmoqchi bo`lib, jurnalist yozganlariga gumon qilib aytgan taklifini rad etishga to`g`ri keldi. Chunki o`sha paytda men aynan vagonlar yonida turib, kuzatganlarimni tahlil qilib turganimni aytdim, ya`ni o`zim aynan vokzalda edim.
Endi vagonlarning holatini menga ko`rsatishdan nima naf? Haqiqiy vaziyat yoritib bo`lindi.
Xullas, urush yillarini eslatadigan temir arava erinmay yo`lda davom etarkan, biz Nukusdan qaytish uchun yana shu vagondamiz. Bu safar esa biroz boshqacha manzara. «Agentlar» jurnalistlarning qaysi vagonda o`tirganini topib kelishdi. Manzilga etgunimizcha, parvona bo`lib, choy damlab, xabar olib turish davomli bo`ldi.
Poezd boshlig`i vagonlar holatini ko`rsatib chiqdi. Hamma yoq chinnidek edi. Lekin, poezd qanchalar tozalanmasin, u yangi bo`lib qolmaydi. Tozalovchi ishchilar qancha urinmasin, o`tgan asrni 70-yillarini eslatuvchi poezd ko`rinishi o`zgarib qolmaydi.
Xuddi 80 yoshli onaxon atlas ko`ylak kiyib 16 yoshga o`xshab qolmagandek, poezdni kichik ishchilar mehnati bilan «odam» qilib bo`lmasligi aniq.
«O`zbekiston temir yo`llari» vakili telegram orqali muloqotda asta-sekinlik bilan yangi poezdlar sotilib olishini bildirdi.
«O`zbekiston temir yo`llari» AJ rahbariyati ham shu poezdlari kabi imillab ish ko`rsatadi shekilli 30 yil ichida sovet ittifoqidan qolgan poezdlarni ekspluatasiyadan chiqarishga shoshilayotgani yo`q. Sabab shuki, vagonlar oz-muncha pul turmaydi.
Buni qarangki, yangi vagonlar qimmatligini bahona qilib turgan vaqtda internet saytlarida «O`zbekiston temir yo`llari»ning 495 milliard so`mlik «Shovvozsoy» dam olish majmuasi borligi ma`lum bo`ldi.
Mamlakatimizning uzoq erlariga qatnayotgan «O`zbekiston temir yo`llari» aksionerlik jamiyati 30 yilda bir vagonga yolchimaganda yarim milliard so`mlik majmuani 10 yilda qurib bitkazib qo`yishibdi.
Bu kungacha «O`zbekiston temir yo`llari» AJ tasarrufida «Nazarbek», «Chimyon», «Xojikent», «Omonxona» kabi dam olish maskanlari borligi ma`lum edi.
Aksionerlik jamiyatining ishchilari 40 yillik, burga bosgan temir aravaga aylanib qolgan vagonlarda aholiga xizmat ko`rsatgach, «Shovvozsoy»dek majmuada hordiq chiqarishiga kim ham ishonadi?
Nukus cho`llaridan taqir-tuqir qilib ketayotgan poezdda qancha ishchidan surishtirmay, ular yuqorida nomi keltirilgan bironta dam olish maskanida sog`liqlarini tiklaganini tasdiqlay olmadilar.
Shuncha dam olish maskaniga egalik qilgan kompaniya aslida xalqqa ko`proq zarur bo`lgan vagonlarning donasini 1 million AQSh dollariga sotib ololmasligiga shubha qilmaymiz. Birov g`iring desa, ana «Afrosiyob» va «Sharq» poezdlari borligi eslatib qo`yiladi.
Demak, Sovet ittifoqi poezdlarini iste`moldan chiqarishni keyingi avlod bo`yniga yuklash mumkin. Termiz va Nukus taraflarga yangi poezdlar shart emas. Balki yangi dam olish maskanlari «O`zbekiston temir yo`llari» aksionerlik jamiyatiga juda zarurdir.
Kompaniyaning bir qatnovga 600 ming so`m olib ishlaydigan xodimlari 495 milliard so`mlik maskanda dam oladimi? Shu o`ylar bilan manzilga etdik.
Jurnalistlar yaxshi kuzatib qo`yildi. Tanqidiy materialdan keyin rahbariyat aholining xizmatiga zo`rg`a yarayotgan badbo`y poezdlarni almashtirish o`rniga shu xodimlarni jazolagan ko`rinadi.
Aslida maqsad xodimlarni jazolatish emas, foydalanishga yaramay qolgan o`tgan asr poezdlarini yangisiga almashtirishlariga erishish edi!