Shifoxonalarimiz 44 ming fuqaroning pulini asossiz olgan – Raqobat qo`mitasi

17.10.2024 11:03

Tibbiy texnika jihozlarini qiyoslovdan o`tkazmagan tibbiyot muassasalariga 44 mingdan ordiq iste`molchilardan asossiz olingan 900 million so`mga yaqin pul mablag`larni qaytarish yuzasidan ko`rsatma berildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi xabar berdi.

Qaysi tibbiyot muassasalari?

Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida ko`rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda tibbiy asbob-uskunalarning metrologik tekshiruvdan o`tkazilganlik holatlari yuzasidan o`rganishlar o`tkazganda 6 ta tibbiyot muassasalari (Yunusobod tumani Markaziy ko`p tarmoqli poliklinikasi, Yunusobod tumani tumanlararo 3-son teri-tanosil kasalliklari dispanseri, 7-son shahar klinik shifoxonasi davlat korxonasi, Toshkent shahar Tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, Toshkent shahar 9-son tumanlararo perinatal markazi, Toshkent shahar Ibn Sino nomli shahar klinik shifoxonasi) tomonidan 17 mingdan ortiq iste`molchilardan ko`rsatilgan sifatsiz xizmat uchun  806 million so`mlik pul mablag`larini olganlik holatlari aniqlandi.

Shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan kafolat muddati o`tgan sertifikatli texnika jihozi bilan 1 yil davomida  iste`molchilarga tibbiy xizmat ko`rsatilgani ma`lum bo`ldi. O`rganishlar ishlarida 2023 yilning avgust oyidan 2024 yilning shu oyiga qadar 23 dona tibbiy ko`rik texnikasi  orqali 550 nafar fuqaroga ko`rsatilgan xizmat natijasida jami 25 million so`mga yaqin ortiqcha haq olinganligi aniqlandi.

Sirdaryo viloyatida esa viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazida o`tkazilgan o`rganishlarda o`tgan 2021-2022-2023 yillar mobaynida jami 200 dan ortiq pullik xizmat turi bo`yicha 25 ming 775 nafar iste`molchidan ortiqcha 60 million so`mga yaqin pul mablag`lari olinganlik holatlari aniqlangan.

Mablag`lar egalariga qaytariladimi?

Yuqoridagi hududlar kesimida aniqlangan  holatlardan kelib chiqib, qo`mitaning hududiy organlari maxsus komissiyalari tomonidan “Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 6 va 21-moddalari va Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomi talablari buzilish alomatlari bilan xizmat ko`rsatuvchi tibbiyot muassasalariga nisbatan ish qo`zg`atilgan. Asossiz olingan 900 million so`mga yaqin pul mablag`larini 44 mingdan ortiq iste`molchi foydasiga qaytarish bo`yicha bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatma berilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар