Qishloq xo`jaligi vazirining sobiq o`rinbosari 4,5 yilga qamaldi

11.10.2024 10:02



Qishloq xo`jaligi vazirining sobiq o`rinbosari Azimjon Nazarov 4,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Sud uni bir necha jinoyatlarda aybdor, deb topdi. 

Gap shundaki, jinoyat ishi doirasida 2024 yil 10 yanvardan 21 mayga qadar hibsda saqlanayotgan Azimjon Nazarov o`z aybiga iqror bo`lmay, hech qanday jinoyat sodir etmaganligini aytib, suddan adolatli qaror chiqarishni so`ragan. Sudlanuvchining aybi esa guvohlarning ko`rsatmalari bilan to`liq isbotlangani qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 24vmartdagi qarori asosida “Janubiy hududlarda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish munosabati bilan Suv xo`jaligi vazirligi va Jahon banki o`rtasida umumiy qiymati 376,71 mln AQSh dollari miqdorida kredit bitimi imzolandi. Loyihani amalga oshirish, kredit va qarz mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanish uchun javobgarlik Suv xo`jaligi vazirligi zimmasiga yuklatildi.

Azimjon Nazarov esa o`zining o`rinbosari va MChJ bosh hisobchisi bilan birgalikda mazkur loyihaning mablag`larini noqonuniy o`g`irlash bo`yicha jinoiy reja tuzgan. Loyiha unga jalb qilingan mutaxassislar tomonidan amalda bajarilmagan, o`rniga bajarilgan ish turlari to`g`risida noto`g`ri ma`lumotlar ko`rsatilgan jadval va schyot-fakturalar tayyorlash orqali jinoyat amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, sud hukmiga ko`ra, Azimjon Nazarov suv xo`jaligi vazirining birinchi o`rinbosari lavozimida ishlagan vaqtida mansabdor shaxslarga nisbatan beparvolik ko`rsatgan. Buning natijasida nasos stansiyalarini modernizasiya qilish bilan bog`liq yirik loyiha qiymati 95,4 million AQSh dollariga oshirilgan. Bu esa loyiha budjetidan 3,7 milliard so`mning asossiz sarflanishiga olib kelgan.

Depozit hisobvarag`iga o`tkazilgan 7 mlrd 79 mln so`m 562 428 AQSh dollari zararni qoplash uchun davlat daromadiga o`tkazildi.

Shuningdek, sud Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Imom At-Termiziy ko`chasida joylashgan “Nazar biznes va texnologiya” MChJ ofisi sifatida foydalanilgan binoni musodara qilish va etkazilgan zararning qolgan qismini sotishdan tushgan mablag`ning bir qismi bilan qoplashni belgiladi va qolgan mablag`lar esa davlat daromadiga o`tkaziladi, deyiladi xabarda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар