Saylov yaqin: Deputatlikka nomzodlar asosan necha yoshda?

08.10.2024 10:05

 

Xabaringiz bor, joriy yilning 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi o`tkaziladi. Xo`sh, deputatlikka nomzodlar asosan necha yoshda? Ular orasida qaysi soha vakillari ko`proq?

28 mingdan ortiq nomzod

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O`zbekiston Ekologik partiyasi, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo`yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko`rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro`yxatga olindi.

Shuningdek, yagona saylov okrugi bo`yicha siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatilgan jami 500 nafar partiya ro`yxatidagi nomzodlar ro`yxatga olindi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlariga har bir partiyadan nomzodlar ro`yxatga olingan bo`lib, deputatlik mandati uchun 28 ming 475 nafar nomzodlar kurash olib boradi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko`rsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etdi. Bu saylov tariximizdagi eng yuqori ko`rsatkichdir.

Nomzodlar asosan necha yoshda?

Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlari deputatligiga nomzodlarning o`rtacha yoshi 44,4 yoshni tashkil etib, ulardan 54,9 foizi 45 yoshgacha bo`lganlar, 36,4 foizi 45-60 yoshdagilar bo`lib, viloyat Kengashiga nomzodlar orasida eng yoshi 24 yosh. Tuman Kengashlariga nomzodlar orasida eng yoshi 21 yosh.

Qaysi soha vakillari ko`proq?

Nomzodlarning 90,3 foizi oliy ma`lumotli. Ular orasida pedagoglar – 36 foiz, iqtisodchilar – 15,8 foiz, muhandislar – 9,6 foiz, shifokorlar – 9,4 foiz, huquqshunoslar – 3,3 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 25,9 foizni tashkil etadi.

Inklyuzivlik

Mamlakatimizda yashayotgan aksariyat millat va elatlarning vakillari ham nomzodlar orasida bor. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga nomzodlarning 973 nafari tojik, 588 nafari qozoq, 146 nafari turkman, 141 nafari qirg`iz, 67 nafari rus va boshqa millatlarni tashkil etadi.

Nomzodlarni ko`rsatishda siyosiy partiyalar inklyuzivlikka ham alohida e`tibor qaratganini kuzatish mumkin. Jumladan, Qonunchilik palatasi saylovi bo`yicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 11 nafar va mahalliy Kengashlar saylovi bo`yicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 605 nafar nogironligi bo`lgan shaxslar mavjud. Bunday yuqori darajadagi inklyuzivlik birinchi marotaba kuzatilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар