Ichki ishlar vazirligiga 2024 yilning 9 oyida Prezident Virtual qabulxonasi orqali 90 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo`lib, ularning 88,1 foizi qanoatlantirilgan. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati boshlig`i o`rinbosari Nilufar Begmatova ma`lum qildi.
Murojaatlar mazmuni qanday?
Ichki ishlar organlariga kelib tushgan murojaatlar asosan mol-mulk va pul mablag`lari oldi-berdisi, ichki ishlar organlariga biriktirilgan 3-sektor hududidagi ijtimoiy masalalar, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash, oila-turmush masalalarida, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlari yuzasidan, jamoat xavfsizligini ta`minlash, shaxsning sog`lig`i va sha`niga qarshi harakatlar bilan bog`liq masalalardagi murojaatlarni tashkil etgan.
Shaxsiy qabullarga 10 mingdan ortiq fuqaro qabul qilindi
Shuningdek, aholi bilan ochiq muloqot qilish, ularning dolzarb muammolarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida, Vazirlikning fuqarolar qabulxonasida kunlik shaxsiy qabullar o`tkazib kelinmoqda.
2024 yilning 9 oyi davomida Vazirlikda o`tkazilgan shaxsiy qabullar jarayonida 10 933 nafar fuqarolar qabul qilinib, 5 210 nafar fuqaroga malakali huquqiy maslahatlar berilgan bo`lsa, 5 723 nafar fuqarodan kelgusida ko`rib chiqish uchun murojaatlar qabul qilingan.
Murojaatlarning 2 011 tasi ijobiy hal qilinib, fuqarolarning qonuniy huquqlari tiklangan bo`lsa, 3 210 tasi malakali huquqiy tushuntirish berish orqali hal qilingan, 55 tasi qonuniy asoslarga ko`ra rad etilgan yoki ko`rmasdan qoldirilgan. 447 ta murojaat hozirgi kunda nazoratga olingan holda ko`rib chiqilmoqda.