Qozog`istonda xavfli virus tarqalmoqda

07.10.2024 11:26

Qozog`istonda yangi xavfli infeksiya – Marburg virusi tarqalishi tufayli epidemiologik vaziyat ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu haqda mamlakat Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi. 

Kuchaytirilgan nazorat

Qozog`iston davlat sanitariya bosh vrachi Sarxat Beysenovaga ko`ra, kasallikning respublikaga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida xalqaro aeroportlarda, davlat chegarasida sanitariya-karantin nazorati amalga oshirilmoqda, barcha kelgan yo`lovchilarni kontaktsiz harorat o`lchash yo`li bilan tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Kasallikning klinik belgilari

Qozog`iston Sog`liqni saqlash vazirligiga ko`ra, kasallikning klinik belgilari virus yuqqandan keyin 2-21 kun ichida namoyon bo`ladi. Shuningdek, vazirlik qozog`istonliklarga epidemiya tarqalgan davlatlarga sayohat qilganda quyidagi profilaktik choralarni ko`rishni tavsiya qildi:

Virus yuqtirgan odamlar bilan aloqadan qochish;
Afrika o`rmonlarida yashovchi yovvoyi hayvonlardan ehtiyot bo`lish;
Mahalliy hayvonlarning go`shtini yaxshi pishmagan holda iste`mol qilmaslik;
Virus tashuvchi hisoblanuvchi Misr ko`rshapalaklari yashaydigan g`or va konlarga bormaslik;
Kasallik alomatlari paydo bo`lganda darhol tibbiy yordamga murojaat qilish;
Shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish.

Marburg — xavfli virus

Shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligi Marburg virusiga qarshi maxsus davolash usuli va vaksina yo`qligini hamda faqat simptomatik davolash olib borilishini ma`lum qilgan.

“Marburg — xavfli virus bo`lib, filoviruslar turiga kiradi. Tabiiy tashuvchilar ko`rshapalaklar bo`lib, ular bu kasallikni simptomlarsiz o`tkazadi, lekin odamlar uchun xavfli. Virus odamga bevosita aloqa orqali yuqadi. Zarar ko`rgan teri yoki shilliq qavat orqali kasallik yuqtirilishi mumkin. Shuningdek, virus bilan kasallangan odamning to`shak yoki kiyimi kabi narsalar bilan aloqada bo`lish orqali ham yuqishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Ma`lumot uchun, kasallikning asosiy simptomlari isitma, tomoq og`rig`i, toshma, qorin og`rig`i, burun va ko`zdan qon ketishi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар