Qozog`istonda referendum: aholining necha foizi AES qurilishidan norozi?

07.10.2024 10:02

Qozog`iston Davlat siyosati institutining ikkinchi ekzit-poll natijalariga ko`ra, so`rovda qatnashgan qozog`istonliklarning 72,3 foizi AES uchun, 27,7 foizi esa AESga qarshi ovoz bergan.

6 oktyabr, yakshanba kuni Qozog`istonda atom elektr stansiyasini qurish bo`yicha referendum bo`lib o`tdi.

Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma`lumotlariga ko`ra, Qozog`istonda referendumda 63,87 foiz ovoz beruvchilar ishtirok etgan.

AES qurilishiga qarshilar nimadan xavotirda?

Qozog`iston dunyodagi eng yirik uran qazib oluvchisi, ammo elektr quvvati taqchilligidan aziyat chekmoqda. Atom elektr stansiyasi bu vaziyatni o`zgartirishni maqsad qilgan. Ayni paytda ko`plab ekologlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va fuqarolik faollari AES qurilishiga qarshi. Ular kelgusida stansiyani foydalanishdan chiqarish uchun katta miqdorda mablag` talab qilinishini ta`kidlamoqda. Bundan tashqari, ular AES qurish g`oyasi Qozog`iston rasmiylari tomonidan faqat Rossiya manfaatlarini ko`zlab ilgari surilayotganidan xavotirda.

Lekin eng muhimi, atom energetikasi muxoliflarini beqaror Balxash ko`li bo`yida AES qurish rejalari tashvishga solmoqda. Qayd etilishicha, avariya yuz bergan taqdirda mamlakat aholisi zich joylashgan hududning salmoqli qismi radioaktiv ifloslanishga duchor bo`ladi.

Faqat Qozog`iston emas

Eslatib o`tamiz, Rossiya Qirg`izistonda ham atom elektr stansiyasini qurmoqchi. Bu masalani o`zaro hamkorlikda o`rganib chiqish bo`yicha shartnomalar imzolangan.  Shuningdek, O`zbekistonning Jizzax viloyatida ham kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар