Rossiya Qirg`izistonda ham atom elektr stansiyasini qurmoqchi. Bu masalani o`zaro hamkorlikda o`rganib chiqish bo`yicha shartnomalar imzolangan.
“Rosatom” korporasiyasining Qirg`izistondagi vakolatxonasi bosh direktori Dmitriy Konstantinov ushbu mamlakatda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish masalasi qaysi bosqichda ekani haqidagi savolga javob berdi.
“Atom stansiyasi loyihasiga alohida e`tibor qaratish lozim. Qirg`iz hamkorlarimiz masalaning maksimal darajada barcha jihatlariga “sho`ng`ib”, nyuanslarni o`rganib chiqmoqda. Hamkorlarimiz qancha ko`proq ma`lumotga ega bo`lishsa, shuncha yaxshi”, – deya “Rosatom” rasmiysining Bishkekda o`tgan brifingdagi so`zlarini keltirmoqda “Sputnik Qirg`iziston”.
Konstantinovning qo`shimcha qilishicha, o`tgan yili Qirg`iziston delegasiyasi Voronej AESda bo`lib qaytgan.
“Delegasiya a`zolari bunday energetika ob`ekti amaliyotda qanday ishlayotganini o`z ko`zi bilan ko`rishdi. Stansiya hududi bo`ylab xotirjam yurish mumkinligidan ko`pchilik hayratlandi. U erdagi radiasiya darajasi boshqa hududlardagi tabiiy radiasiya darajasidan pastroq”, – ta`kidladi “Rosatom Qirg`iziston” rahbari.
Dmitriy Konstantinov atom energetikasini mamlakat taraqqiyotining asosi deb atadi. Bu masala qirg`iz jamoatchiligi orasida keng muhokama va e`tirozlarga sabab bo`lib kelmoqda. Faollar Qirg`iziston seysmik faol zonada joylashgani, infratuzilma etishmovchiligi, etarli tajriba va bilimga ega kadrlar yo`qligi, yadroviy chiqindilarni ekologiyaga zarar etkazmasdan utilizasiya qilish muammosi borligi, AES terrorchilik xurujlari va diversiyalar uchun nishonga aylanishi mumkinligi tufayli xavfsizlik sohasida juda qaltis masalaga aylanib qolishini ta`kidlab keladi.
O`zbekistonda ham AES qurilishi boshlanish arafasida
Eslatib o`tamiz, “Rosatom” O`zbekistonning Jizzax viloyatida ham kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi. Forish tumani hududida, Tuzkon ko`li yaqinida barpo etiladigan stansiya umumiy 330 megavattlik oltita RITM-200N reaktor blokidan iborat bo`ladi.
10 sentyabr kuni loyiha doirasidagi ishlarni boshlash to`g`risida bayonnoma imzolandi.
O`zbekistondagi AES loyihasining qiymati va moliyalashtirish manbalari ochiqlanmagan. Rus nashrlari qurilishni to`liq O`zbekiston hukumati moliyalashtirishini yozgan.