Taqiqlar ostida jon saqlayotgan migrantlar...

30.09.2024 16:26

Rossiyada migrantlarga qarshi “jang”: qanday taqiq va cheklovlar qo`yilmoqda?

Rossiyada 1 sentyabr holatiga ko`ra, qariyb 6,2 million chet el fuqarosi migrasiya organlarida ro`yxatga olingan. Bu Rossiya aholisining taxminan 4,2 foizini tashkil qiladi. Ta`kidlash joizki, ushbu raqamlar o`tgan yillarga nisbatan ancha past. Masalan, 2023 yilda Rossiyada 8,5 milliondan ortiq kishi migrasiya hisobiga olingan. Mamlakatda bir yil ichida 2 miliondan ortiq migrantning kamayishiga ularga qarshi boshlangan “jang” ham sabab bo`lmoqda, deyish mumkin.

Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Moskva yaqinidagi “Krokus”da terakt sodir etishda ayblangani fonida Rossiyada muhojirlarga qarshi choralar, xususan, viza rejimini joriy etish, huquqbuzarlik uchun deportasiya qilish, patentlar va turli cheklovlar muhokamasi avj oldi. Deyarli har haftada migrantlar faoliyatiga doir yangi cheklovlar o`rnatilmoqda. Quyida shu kungacha Rossiya hudularida migrantlarga o`yilgan taqiqlar va takliflarni bir erga jamladik.

Noqonuniy migrasiya og`ir jinoyatga tenglashtiriladi

Eng birinchi masala, shubhasiz, mamlakatga noqonuniy kirish holatlarining oldini olishdir. Shu boisdan Davlat dumasi deputatlari noqonuniy migrasiya bilan bog`liq jinoyatlarning barchasini og`ir va o`ta og`ir deb hisoblashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqdi.

Rossiya hududida bo`lish va yashash shartlari tartibga solinadi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi hukumatga migrasiya sohasida davlat nazoratini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi.  Hujjat, nomidan ko`rinib turibdiki, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning Rossiyaga kirishi va chiqishi, shuningdek, ularning Rossiya hududida bo`lish va yashash shartlarini tartibga soladi.

Qonun loyihasi bilan, xususan, quyidagilar taklif etilmoqda:
➖chet el fuqarolarining vaqtincha bo`lish muddatini kalendar yili uchun 90 kungacha qisqartirish (hozirda olti oy uchun 90 kun);
➖Rossiyaga kirishda biometrik shaxsiy identifikasiyani joriy etish. Bu RFga kiruvchi barcha chet elliklarning barmoq izini majburiy ro`yxatdan o`tkazish va suratga olishni nazarda tutadi;
➖Rossiyada noqonuniy bo`lib turgan chet elliklar uchun nazorat rejimini o`rnatish;
➖chet ellik ishchilarni Rossiyada ishlash huquqini beruvchi maxsus reestrga, ish beruvchilarni esa chet elliklarni yollashga ruxsat beruvchi boshqa reestrga kiritish;
➖chet elliklar bilan, agar ular qonunchilikni buzsa, Rossiyaga kirish, mamlakatda qolish va yashash huquqlarini ehtimoliy cheklash to`g`risida sodiqlik shartnomasini tuzish;
➖nafaqat sudlarga, balki suddan tashqari federal ijroiya organlariga ham chet chet el fuqarolarining Rossiyada bo`lishi (yashashi) ustidan ma`muriy nazoratni polisiyaning funksiyalaridan biriga aylantirish.

Rus tilini bilmaydigan migrantlarga fuqarolik berilmaydi

Rossiya IIV rus tilini bilmaydigan, lekin ayni paytda tegishli sertifikatlarga ega bo`lgan xorijliklarga migrasiya maqomi va Rossiya fuqaroligi berilmasligini ma`lum qildi.  (https://t.me/IrinaVolk_MVD/2565)Oxirgi uch yil ichida Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV) rus tilini bilmaydigan, lekin tegishli sertifikatga ega bo`lgan 14 ming nafar chet el fuqarosining fuqarolik yoki migrasiya maqomi bo`yicha arizalarini qabul qilishdan bosh tortdi. Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volk aytganidek, bunday fuqarolar Rossiya fuqaroligini ololmaydi.

IIV sud qarorisiz chet elliklarni deportasiya qilish huquqiga ega bo`ldi

Putin Ichki ishlar vazirligining xorijliklarni sud qarorisiz chiqarib yuborish huquqi haqidagi qonunni imzoladi.  Qabul qilingan qonunga ko`ra, ichki ishlar organlari xodimlari chet el fuqarolarini ma`muriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun Rossiyadan deportasiya qilish to`g`risida mustaqil ravishda qaror qabul qilishi mumkin.

Chet elliklar quyidagi huquqbuzarliklar uchun shu tariqa jazolanishi mumkin:

➖giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi, tashish, iste`mol qilish va targ`ib qilish;
➖noan`anaviy jinsiy aloqalar va pedofiliyani targ`ib qilish;
➖vijdon va din erkinligi to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda missionerlik faoliyati;
➖jamoat joylarida spirtli ichimliklarni iste`mol qilish;
➖stadionlarda o`zini tutish qoidalarini buzish.

Migrantlarga o`z oilasini olib kelishni taqiqlanadi

Rossiyaning LDPR partiyasi etakchisi Leonid Sluskiy boshchiligidagi bir guruh deputatlar Davlat Dumasiga mehnat migrantlarining o`z oilasini Rossiyaga olib kelish huquqini cheklovchi qonun loyihasini kiritadi.  

LDPR deputatlarining fikricha, hozir migrantlarning farzandlari va ishlamaydigan turmush o`rtog`i ular bilan Rossiyaga bemalol ko`chib o`tishi tendensiyasi kuzatilmoqda, bu esa nazoratsiz migrasiya oqimi va ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqarmoqda.

Soxta nikohga qarshi qonun

Rossiya Davlat dumasi birinchi o`qishda chet elliklarning Rossiyada bo`lishi to`g`risidagi qonunlarga o`zgartirishlarni qabul qildi. Endi ular Rossiya fuqarosi bilan ikki yillik turmush qurgandan keyingina mamlakatda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomani olishi mumkin bo`ladi.

Rossiyada noqonuniy bo`lgan migrantlar reestri ishga tushiriladi

Rossiya hozirda mamlakatda noqonuniy bo`lib turgan xorijliklarning reestrini tuzmoqda. Bu haqda Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Aleksandr Gorovoy ma`lum qildi. 

Gorovoyning so`zlariga ko`ra, bu reestrga kiritilganidan keyin migrantlar transport vositalarini boshqarish, bank xizmatlaridan foydalanish, mulkni ro`yxatga olish, nikoh tuzish va bekor qilish, bolalarni bog`cha va maktablarga ro`yxatdan o`tkazish imkonidan foydalana olmaydi.

Migrantlar bolalariga maktablar pulli qilinishi mumkin

Rossiya fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning bolalari uchun bolalar bog`chalari va maktablarda bepul ta`lim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqildi. 

Qonun loyihasi mualliflariga ko`ra, maktablarda migrant bolalar sonining ko`payishi butun sinfda o`qish natijalarining pasayishiga olib keladi, chunki migrant bolalar rus tilini yaxshi bilmaydi. Shu bilan birga, moslashuv sinflarini tashkil etish o`qituvchilarning ish haqi uchun qo`shimcha xarajatlarni talab qiladi. Shu sababli migrant bolalar uchun pulli ta`lim berish tavsiya etiladi.

Migrantlar ishlashi taqiqlangan sohalar

Rossiyaning Krasnoyarsk o`lkasi gubernatori Mixail Kotyukov chet ellik ishchilarning ayrim sohalarda ishlashini cheklovchi farmonni imzoladi.  Jumladan, migrantlarga taksida yo`lovchilarni tashish, ixtisoslashgan do`konlarda alkogolli ichimliklar, shu jumladan pivoning chakana savdosi, ixtisoslashgan do`konlarda tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug`ullanish taqiqlandi.

Qayd qilinishicha, migrantlar ishlashi taqiqlanadigan sohalar yanada ko`payishi mumkin. Rossiyaning bir qator mintaqalarida: Tomsk, Samara, Lipesk va Kursk viloyatlarida mehnat migrantlarining muayyan sohalarda ishlashini taqiqlovchi farmoyishlar allaqachon kuchga kirgan. Ko`pincha gap taksi haqida ketadi.

SIM-karta berish talablari kuchaytiriladi

Rossiya fuqarolarini mobil aloqadan foydalangan holda jinoyatlardan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o`qishda qabul qilishni tavsiya etildi. 

Tashabbus bilan xorijliklar uchun 10 dan ortiq abonent raqamlarini ro`yxatdan o`tkazishni taqiqlash joriy etildi. Qo`mita, shuningdek, 10 mingdan ortiq obunachiga ega messenjerlardagi kanallar egalarining o`zi haqidagi ma`lumotlarni “Roskomnadzor”ga (RKN) xabar qilish majburiyati to`g`risidagi tuzatishni ham qo`llab-quvvatladi.

Moskvada migrantlar mehnati cheklanishi mumkin

2025 yil 1 yanvardan boshlab Moskva oblasti ma`muriyati bir necha faoliyat sohalarida patent bo`yicha chet el fuqarolarining mehnatiga cheklovlar joriy qiladi.  Ularning o`rnini rossiyaliklar yoki EOII mamlakatlari fuqarolari egallaydi.

Rejaga ko`ra, migrantlarga alkogol va tamaki savdosi, ko`cha ovqatlari, ijtimoiy xizmatlar, shuningdek, sport, madaniyat, dam olish, sog`liqni saqlash va ta`lim sohalarida ishlashga cheklovlar joriy etiladi. Bu bilan rasmiylar “ehtimoliy mojarolarni minimallashtirishni xohlaydi”.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар