Qoraqalpog`istonda yashovchi betob qiz nomidan akkaunt ochib, xalqdan yig`ilgan pullarni o`zlashtirgan shaxs qo`lga olindi. Bu haqda O`zbekiston IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog`iston Respublikasida yashovchi ayol I.G. ariza bilan murojaat qilib, noma`lum shaxs uning qizining fotosuratini ijtimoiy tarmoqlarga joylaganini bildirgan va unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Farg`ona viloyatida yashovchi D.M. sodir etgani aniqlangan.
Bildirilishicha, gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan D.M., arizachi I.G.ning betob qizi X.L.ning nomidan akkaunt ochib, uning fotosurati va video tasvirlarini hamda o`zining foydalanuvida bo`lgan bank kartalarini uning nomidan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarga joylagan va operasiya uchun xalqdan yordam puli so`rab, aldash yo`li orqali fuqarolarning xayriya tariqasida o`tkazgan pullarini o`zlashtirib kelgani ma`lum bo`ldi.
Mazkur holat yuzasidan D.M.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.