Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta`lim maktabida rus tili darsida o`qituvchi o`quvchini gap qaytargani uchun kaltaklagani videosi tarqalib, muhokamalarga sabab bo`lgan edi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovadan holatga munosabati so`ralganda, bu voqeaga zudlik bilan huquqiy baho berish va agar asoslansa, bolalarga nisbatan zo`ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan chora ko`rilishini so`ragan. "Biz bu masalani diqqat bilan kuzatib boramiz", degan Zaxarova.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo`yicha birinchi o`rinbosari Minhojiddin Mirzo bu holatni O`zbekistonning ichki ishlariga aralashish va xalqaro huquqning qo`pol ravishda buzilishi ekanini aytib, Mariya Zaxarova bu gaplari uchun O`zbekistondan kechirim so`rashini, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunday hurmatsizlik uchun tushuntirish berishini so`radi.
"Meni hayron qoldirgani, maktab O`zbekistonda, o`qituvchi ham, o`quvchi ham O`zbekiston fuqarosi. Nega mustaqil bir davlatda bo`lgan bir holat uchun Moskvaga tushuntirish berilishi kerak?! Nima, ular haligacha O`zbekistonni o`zining guberniyasi deb hisoblamoqdami?! Yo andishaning otini qo`rqoq deb o`ylashyaptimi?", deb yozdi Minhojiddin Mirzo o`z feysbuk sahifasida.
Aytib o`tish o`rinliki, Minhojiddin Mirzo ma`naviyat markazi rahbarligi vaqtida bu kabi tashqi tahdidlarga umuman munosabat bildirmagan holda sukut saqlab kelgani, ammo endi gapirishga jur`at topayotgani, e`tiborga molik jihat.