Hozirgi kunda O`zbekistonda BYD avtomobillarining yagona rasmiy distribyutori “BYD Central Asia” kompaniyasi hisoblanadi va mamlakat bo`ylab 18 ta rasmiy dilerlik va xizmat ko`rsatish markazlariga ega.
Rasmiy distribyutorning ma`lum qilishicha, BYD O`zbekiston bozoriga kirib kelgach, o`zbek va rus tilida, 4G bulut xizmati bilan jihozlangan multimedia tizimini va avtomobilni masofadan boshqarish dasturini ham o`rnatgan.
Bundan tashqari rasmiy BYD quyidagilarni ma`lum qiladi:
– Rasmiy dilerlar orqali sotiladigan avtomobillar mahalliy bozorga moslashtirilgan. Xususan, yuqori quvvatli, modernizasiya qilingan kondisioner kompressori ham joylashtirilib, iqlimi nisbatan issiq bo`ladigan O`zbekiston sharoitiga moslashtirildi.
– DM-i super-gibrid boshqaruv tizimi ham mahalliy bozordagi yoqilg`i sifatini hisobga olgan holda sozlanmoqda, bu esa avtomobilning energiya samaradorligini va mahsulot barqarorligini yanada oshirishga yordam beradi. Bu esa rasmiy dilerlik markazlari tomonidan taklif etilayotgan avtomobillar O`zbekistonning real sharoitiga to`liq moslashganini hamda ularning norasmiy import orqali olib kelingan avtomobillar bilan solishtirganda uzoqroq muddat xizmat qilishi va yuqori sifatga ega bo`lishini ko`rsatadi.
– Shuni ta`kidlash kerakki, rasmiy dilerlik markazlaridan sotib olingan barcha BYD avtomobillari brendning sanoat standartlariga muvofiq kafolati bilan ta`minlangan (avtomobil uchun 6 yil yoki 150 000 km va batareya, elektr dvigatel va elektron boshqarish moduli uchun 8 yil). Ushbu kafolatni norasmiy importyorlar taqdim qila olmaydi.
O`zbekistonga norasmiy import orqali olib kelinadigan avtomobillar bilan rasmiy dilerlik markazlari tomonidan taklif etilayotgan avtomobillarning yuqorida aytilgan texnik farqlarini hisobga olgan holda, BYD norasmiy importni qo`llab-quvvatlamasligini ma`lum qilmoqda.
“Norasmiy kanallar orqali sotib olingan avtomobillar rasmiy kafolatga ega bo`lmaydi. Shu sababli, BYDning rasmiy dilerlari sertifikatlanmagan tarzda olib kelingan avtomobillarga kafolat xizmatini ko`rsatmaydi”, – deyiladi “BYD Central Asia” kompaniyasining xabarida.
Bundan tashqari, rasmiy distribyutor barcha multi brendli dilerlarga rasmiy tartib-qoidalarga rioya qilmasdan olib kelingan avtomobillarni sotmaslik to`g`risida qat`iy ko`rsatmalar berilganini bildirmoqda. Chunki bu transport vositalarining sifati va yaroqliligini xavf ostiga qo`yar ekan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, BYDning rasmiy distribyutori xaridorlardan avtomobil sotib olishda ehtiyotkor bo`lishlarini va yuqori sifatli, xalqaro standartlarga ega bo`lgan rasmiy diler tanlashini so`ramoqda.