Chilonzor tuman hokimiyati tadbirkorning xizmat haqqini nega bermayapti?
Rost24.uz`ga kelgan murojaatga ko`ra,“Ultra Farm” MChJning 3 milliarddan ziyodroq mablag`ini Toshkent shahar Chilonzor tuman hokimligi bermayotgan ekan. Tadbirkorning ma`lum qilishicha, ushbu summani Chilonzor tumani hokimiyatidan olish uchun 2 yildan ko`p vaqt mobaynida yugurgan. Ayni damda ham yugurishda davom etmoqda.
“Ultra Farm” MChJ taqdim etgan hujjatlarga ko`ra, 2022 yil mart oyida Chilonzor tumani hokimiyati balansidagi binoni ta`mirlab, bajarilgan xizmat haqqini ololmagan. Pulni hokimiyatdan undirish uchun hattoki, sud qarori ham mavjud.
2023 yil 6 iyunda kuchga kirgan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining (4-1001-2318/364-sonli) hal qiluv qaroriga binoan Majburiy ijro byurosining Chilonzor tuman bo`limiga 3 060 041 820 so`m mablag`ni Chilonzor tuman hokimiyatidan “Ultra Farm” MChJ hisobiga undirib berish belgilangan. Sud ijro varaqasi chiqqaniga ham 1 yildan oshgan bo`lsada, MIB hokimiyatdan tadbirkorning xizmat haqqini undirib berishning imkonini qila olgani yo`q.
Mazkur masalada Chilonzor tumani hokimiyatidan munosabat so`radik. Tuman hokimligi huquqshunosining ma`lum qilishicha, ushbu qarzni qoplash uchun 1 yil oldin Toshkent shahar hokimidan ruxsat so`ralgan. Ammo, hali-hanuz javob etib kelmagan.
Chilonzor tumani hokimiyati taqdim etgan faktga ko`ra, 2023 yilning 28 avgust kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov nomiga 3 060 011 820 so`m mablag`ni “Ultra Farm” MChJga to`lash uchun yordam tariqasida ruxsat so`ralgan 1-4/01-606 -sonli maxsus xat ham yuborilgan.
Chilonzor tumani hokimligi taqdim etgan xatga tayangan holda Toshkent shahar hokimligidan tadbirkorning xizmat haqqini to`lashga nega ruxsat berilmayotganining sababini so`radik.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining bergan javobiga ko`ra, bir yil oldin Chilonzor tumanidan chiqarilgan xatga shahar hokimligi javob qaytargan ekan. Ammo javob xatini bizga taqdim qila olmadi.
Fakt shuki, Chilonzor tumani hokimligi tadbirkorning 3 milliard so`mdan ziyod mablag`ini to`lashga Shavkat Umurzakovdan bir yil oldin ruxsat so`ragan. Shahar hokimligi taqdim etgan 01-3/1803 -sonli hujjatga ko`ra, Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi tomonidan mazkur masala bo`yicha 2023 yil 18 sentyabr kuni shahar hokimi nomiga bildirgi yozilgan.
“... ushbu qarzdorlikni so`ndirish uchun talab etiladigan mablag`ni tuman mahalliy byudjetining qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiqligini bildiradi”, – deyiladi Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi javobida.
Biroq, Toshkent shahar hokimligi tomonidan Chilonzor tumani hokimligiga yozilgan asosiy javob xati topilmadi.
Bir tadbirkorning kelajakdagi taqdirini hal qiladigan 3 milliard so`mdan ziyod mablag` o`z egasiga nega berilmayotgani, kattagina summa yozilgan rasmiy xat qaerga yo`qolgani bo`yicha shahar hokimligi tomonidan biror javob berilmadi.
Qisqasi, “kalavaning uchi” Toshkent shahar hokimligiga borib yo`qolib qolmoqda.