Prezident qaroriga ko`ra, davlat tibbiy sug`urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko`rsatish va dori vositalarini taqdim etish Davlat byudjetiga to`lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan davlat tibbiy sug`urtasi uchun qo`shimcha to`lov undirilmaydi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug`urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi, jumladan:
— davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari tasdiqlanadi va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi mablag`lari hisobidan taqdim etiladi;
— kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko`riklardan o`tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi;
— shifokor rasmiylashtirgan elektron resept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari Jamg`arma mablag`lari hisobidan qoplanadi (reimbursasiya dasturi);
— tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o`z ichiga oluvchi “Elektron sog`liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi hamda ishga tushiriladi;
— kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko`rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi;
— tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida tibbiy yordam ko`rsatishda kasallikning og`irlik darajasidan kelib chiqib, bepul davolanadigan kasalliklar ro`yxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi;
— imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko`rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo`llanma asosida Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan bepul davolanadi.
Qarorga ko`ra, 2025 yil 1 iyuldan quyidagilar davlat tibbiy sug`urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali stasionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo`ladi:
— jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i yoki ijtimoiy soliq to`lovchilar;
— Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to`lagan shaxslar;
— voyaga etmaganlar, ta`lim tashkilotlari o`quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to`lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro`yxatdan o`tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta`minlangan deb e`tirof etilgan oilalarning a`zolari.
2027 yil 1 yanvardan so`nggi bir yil davomida kamida 6 oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i yoki ijtimoiy soliq to`laganlar uchun davlat tibbiy sug`urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.
Qarorga muvofiq, davlat tibbiy sug`urtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida:
— 2024 yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi;
— davlat tibbiy sug`urtasining axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga joriy qilinadi;
— tibbiyot muassasasi rahbariga muassasaning quvvati doirasida bo`linmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo o`rinlari sonini o`zgartirish hamda ajratilgan mablag`lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati beriladi;
— tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat me`yorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi hamda 2025 yil 1 iyuldan tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to`lashning alohida tartibi hamda shartlari tatbiq etiladi;
— ko`rsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart hamda protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinadi.
2025 yil 1 aprelgacha Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolanadigan kasalliklar ro`yxati hamda bazaviy narxlari kasalliklarni davolash yo`nalishlari asosida barcha tibbiyot tashkilotlari uchun qayta tasdiqlanadi.