2023-2024-yillarda O`zbekistonning “Bek Broker” logistika kompaniyasi Rossiyaga ikki yuzdan ortiq san`at asarlari va mashhur rassomlar haykallarini olib kirishga yordam bergan. Bu haqda "Nastoyashee Vremya" nashri xabar berdi.
Xabarga ko`ra, tashilgan kolleksiyalarning umumiy qiymati 36 million dollardan oshadi.
Gap shundaki, 2022-yil 24-fevral voqeasidan so`ng Evropa Ittifoqi, AQSh, Shveytsariya va boshqa davlatlar Rossiyaga hashamatli tovarlar, jumladan, qiymati 300 evrodan ortiq bo`lgan san`at asarlari va antiqa buyumlar importini cheklovchi sanksiyalar joriy etgan.
Rossiya esa turli yo`llar bilan ushbu sanksiyaga qarshi ish tutgan. Yuqorida keltirilgan buyumlar avval Toshkentga keltirilib, keyin Moskvaga jo`natilgan.
Aytib o`tish joizki, Buyuk Britaniya yoki Evropa Ittifoqidagi sanksiyalar qo`llanilgandan keyin Rossiyaga san`at asarlarini etkazib berish bilan shug`ullanadigan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi, deb ta`kidlaydi, xalqaro jinoyat huquqi va inson huquqlari bo`yicha maslahatchi Aleksandr Prezanti.