JSST dunyoda vabodan o`lim ko`rsatkichi 71 foizga oshganini ma`lum qildi

07.09.2024 15:03

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vabo epidemiyasi bo`yicha yangi hisobotini e`lon qildi. Unda qayd etilishicha, 2023 yili dunyo bo`yicha bu xavfli infeksiyadan o`lim ko`rsatkichi 2022 yilga nisbatan 71 foizga, kasallanish holatlari esa 13 foizga oshgan.

“O`tgan yili vabodan 4000 kishi vafot etdi, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Iqlim o`zgarishi, ba`zi mintaqalarda ichimlik suvi tanqisligi, qashshoqlik, sanitariya sharoitlari etishmasligi, urush va harbiy to`qnashuvlar xastalik kuchayishiga sabab bo`ldi”.

Hisobotga ko`ra, joriy yilda ham epidemiologik vaziyat murakkab. Xususan, 2024 yil boshidan buyon 342 mingdan ortiq bemorda ushbu infeksiya aniqlangan, ulardan 2,4 ming nafari hayotdan ko`z yumgan. 22 mamlakatda kasallik avj olishi kuzatilgan.

Jumladan, iyul-avgust oylari oralig`ida Sudanda qariyb 2,7 ming kishiga vabo tashxisi qo`yildi. Ulardan 120 nafarining hayotini saqlab qolish imkoni bo`lmadi.

 JSSTning vabo bo`yicha texnik rahbari Filipp Barboza fikricha, kasallik qurbonlari soni rasmiy statistikadan ancha yuqori. Aslida uni har yili taxminan 2 millionga yaqin kishi yuqtirib, 100 ming nafari hayotdan ko`z yumayotgan bo`lishi mumkin.

Mas`ullar epidemiyaning yangi to`lqinini jilovlasa bo`ladi, degan xulosada. Buning uchun kasallikka qarshi vaksinalar ishlab chiqarish hajmini oshirish zarur. Chunki o`tgan yili qariyb 36 million doza emlash vositalari ishlab chiqarilgan, biroq bu mavjud ehtiyojning atigi 50 foizini qoplaydi, xolos.

Qolaversa, toza ichimlik suvi ta`minoti, sanitariya va gigiena qoidalariga amal qilish vabo epidemiyasini to`xtatishning uzoq muddatga mo`ljallangan yagona barqaror echimi bo`lib qolmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар