Surxondaryoda 9400 tup daraxt nobud bo`lishi mumkin

06.09.2024 14:54

Tarmoqlarda Denov tumani Chim mahallasidan boshlanib, Oltinsoy tumani Shakarqamish mahallasigacha bo`lgan yo`ldagi barcha daraxtlarga qizil rangda maxsus belgilar chizib chiqilgani haqida xabarlar paydo bo`ldi. 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligining ma`lum qilishicha, 2024 yilning 2 iyul kuni Avtomobil yo`llari qo`mitasidan Ekologiya vazirligiga Surxondaryo viloyatida “4R105 “Darband-Boysun-Elbayon” va 4R100 “Mango`zor-Jarqo`rg`on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo`llarining ba`zi qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish jarayoniga to`sqinlik qilayotgan 9 405 tup daraxtni ko`chirib o`tkazishga doir tegishli ko`rsatma so`ralgan xat yo`llangan.

Vazirlik bunga javoban O`zbekiston Prezidentining 2021 yildagi 46-son Farmoniga muvofiq davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaxo navlarining kesilishiga moratoriy amal qilinayotgani hamda 2023 yildagi 81-son Farmoniga ko`ra ekologiya va atrof-muhitga zarar etkazish, o`simlik va hayvonot olami dunyosi ob`ektlarini nobud qilish yoki ularga shikast etkazish bilan bog`liq jinoyatlar og`ir jinoyatlar toifasiga kiritilishi belgilanganini eslatgan.

Qo`shimcha qilinishicha, yuqorida qayd etilgan hududdagi daraxtlarning ko`p yillik yoshi va hajmidan hamda ularning hozirda tinim (vegetasiya) davrida ekanligidan kelib chiqib, Ekologiya vazirligi daraxtlarni ko`chirishga rad javobini bergan.

Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda daraxtlardan xoli hududni tanlash va bu borada loyihaga tegishli o`zgartirishlar kiritishni tavsiya qilgan.

Shunga qaramay, mazkur loyihaning amalga oshish masalasi ayni damda Hukumat komissiyasi tomonidan ko`rib chiqilmoqda.

“Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan inson hayoti xavfsizligini ta`minlash nuqtai nazaridan ushbu yo`nalishdagi yo`l infratuzilmasi takomillashtiruvga muhtojligi qayd etilmoqda. Kuchli yomg`ir yog`ishi va sel kelishi oqibatida yo`l va ko`priklar ta`mirtalab holatga kelib qolgan. Avtomobillar sonining kundan kunga oshishi esa yo`llarda tiqilinchlarni yuzaga keltirmoqda. Natijada avtomobillarning harakatlanishida qiyinchiliklar yuzaga kelib, avtohalokat hodisalari ko`paymoqda. Jumladan, 2022-2024 yillar mobaynida bu erda 54 ta avtohalokat hodisasi sodir bo`lgan, buning natijasida esa 19 nafar fuqaro vafot etgan, 31 nafar fuqaro turli tan jarohat olgan.

Shu bois ayni damda loyiha doirasidagi hududda mavjud daraxtlar holati, soni, turi, o`lchami va qiymatini aniqlash bo`yicha Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o`rganish ishlari olib borilmoqda”, 

— deya qo`shimcha qilgan vazirlik.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар