Bugun YuNISEF O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligiga 206 ta miniven va 17 ta muzlatkichli yuk mashinasi topshirgani haqida xabarlar rasmiy OAVda e`lon qilingan edi.
Xursandchilik uzoqqa cho`zilmadi. Oradan bir necha soat o`tmay, avtomobillarning 7 tasi yo`l transport hodisasiga uchradi.
Vaksinalar va immunizasiya bo`yicha global alyansi tomonidan sog`liqni saqlash tizimini mukammallashtirish doirasida ajratilgan transport vositalarining umumiy qiymati 2 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Toshkent shahar IIBB YHXB ma`lumotiga ko`ra, olib ketilayotgan "Changan" rusumli avtomobil haydovchilaridan biri keskin tormoz bosishi oqibatida ortida harakatlanayotgan ushbu rusumdagi 6 ta avtomobillar ham keskin tormozlanishi yuzaga kelgan.
Hodisa natijasida 2 ta avtomobil texnik shikastlangan. Tan jarohati olgan fuqarolar yo`q.
Mazkur hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, hodisa sodir bo`lish sabablariga oydinlik kiritilmoqda.