Qashqadaryoda sof o`zbekcha tanlov: sovrinlarni o`zaro taqsimlash

29.08.2024 15:13

21 avgust kuni O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo`limi, Badiiy akademiya hamda Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo`limi bilan birgalikda "Eng ulug`, eng aziz" an`anaviy ko`rik-tanlovining Qashqadaryo viloyat bo`yicha g`oliblarini taqdirlash marosimi o`tkazilgan. 

Mustaqillikning 33 yilligiga bag`ishlab "Bir bo`lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!" shiori ostida o`tkazilgan ushbu tanlovga Qashqadaryo viloyati bo`yicha 200 nafar ijodkor o`zlarining bir yillik ijodiy ishlarini topshirgan. 

Qashqadryo viloyatidan kelayotgan e`tirozlarga ko`ra, joriy yilgi tanlovda tanlovning bir nechta Nizom va talablari buzilgani aytilmoqda. 

Jumladan, mazkur tanlovda bevosita nomzod sifatida qatnashgan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining muharriri To`lqin To`raqulov quyidagi qonunbuzilishlarini ma`lum qilgan: 

Birinchidan, g`oliblikni hakamlar hay`ati a`zolari bo`lishib olishdi. 

“Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari” yo`nalishida hakamlar hay`ati a`zosi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo`limi rahbari G`ulom Abdiev 1-o`ringa loyiq ko`rilib, I-darajali diplom va qimmatbaho sovg`a bilan taqdirlangan. 

Ikkinchidan: Tanlov Nizomiga ko`ra, so`nggi 3 yil davomida g`oliblikni qo`lga kiritganlar qayta ishtirok etmasligi belgilab qo`yilgan bo`lsa-da, 2023 va 2022 yillarda tanlovda ishtirok etib, g`oliblar qatoridan joy olgan ba`zi ijodkorlar bu yil ham qatnashib I-va II - chi darajali diplom bilan taqdirlangan. 

Uchinchidan: Ayni paytda Toshkent shahrida yashab ijod qilayotgan «O`zbekiston 24» teleradiokanali katta muharriri Shoira Umrzoqova Qashqadaryo viloyat bosqichida qatnashib, II-darajali diplom va qimmatbaho sovg`ani qo`lga kiritgan.

To`rtinchidan: Tanlovda bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari bo`yicha har yili ushbu yo`nalishda ishtirok etgan qatnashchilardan 3 nafari g`olib sifatida 1-, 2- va 3-o`rinlarga loyiq ko`rilgan. Bu yil esa, ushbu tartib ham buzilib, mazkur yo`nalishda 6 nafar g`olib saralanib, har bir o`ringa ikkitadan o`rinlar tashkil etilgan. Bu orqali Galaviddin Yuldoshevning tashabbusi bilan tashkil topganiga hali 6 oy ham bo`lmagan “Mahalla ettiligi” gazetasida ishlayotgan xodimlarni rag`batlantirishga qo`shimcha imkoniyat yaratilgan. 

"Eng ulug`, eng aziz" an`anaviy ko`rik-tanlovining Qashqadaryo viloyat bosqichining g`olib va sovrindorlarini aniqlash mezonlaridan norozi bo`lgan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining muharriri To`lqin To`raqulov ham “Televidenie va radio ijodkorlarining materiallari” yo`nalishida 3-o`ringa loyiq deb topilibdi. Ammo... 

“Men o`tkazilgan ushbu tanlovdan mutlaqo norozi bo`lganim bois, diplom va sovg`ani Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo`limiga qaytarib berdim. Demoqchi bo`lganim, keyingi tanlovlarda xolislik va adolat mezonlariga amal qilaylik”, – dedi T.To`raqulov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар