Tashqi ishlar vazirligi o`tkazgan o`ta maxfiy matbuot anjumanining taqiqlari

19.07.2024 08:47

Tashqi ishlar vazirligi matbuot anjumanida qo`yilgan qat`iy talablar: 

tasvirchi borishi mumkin – tasvirga olish mumkin emas;

jurnalist borishi mumkin – savol berish mumkin emas;

eshitish mumkin – yoritish mumkin emas. 

Jamoatchilik va Ommaviy axborot vositalari uchun butunlay yopiq hisoblanadigan Tashqi ishlar vazirligi 12 iyul kuni matbuot anjumani o`tkazishini bir kun oldin e`lon qildi

Ushbu vazirlikning matbuot anjumani o`tkazishi jurnalistlar uchun kutilmagan va albatta, juda xayratlanarli xabar bo`lgan edi. Ammo hali oldinda juda kulguli va ajablanarli holatlar kutib turgan ekan. 

Tadbir yo`nalishi matbuot anjumani bo`lsa-da, e`londa jurnalistlar telefon orqali bog`lanib ro`yxatdan o`tishi aytilgan. Shu bois Rost24.uz`dan bir nafardan muxbir va tasvirchi ro`yxatdan o`tdi. 

Tadbir o`tkaziladigan joyga borilganda esa, tasvirga olish apparatlari kirishda olib qolindi. Eshik oldida turgan qorovulning aytishicha, ichkarida tasvirga olish mumkin emas ekan. Ammo ro`yxatdan o`tkazayotganda tasvirchi ham ro`yxatga kiritilgan edi. 

Ichkarida esa, matbuot anjumani boshlanishidan oldin telefon va boshqa yozib oladigan apparatlar o`chirilishi talab qilindi. Jurnalistlar bu talabga ham rozi bo`lishdi. Ammo yana bir kulguli talab: savol berish ham qat`iy taqiqlangan ekan. 

Yuragida o`ti bor jurnalistlar unda bu qanday matbuot anjumani bo`ldi, degan mazmunida bergan savolga TIV matbuot kotibi “Bu matbuot anjumani emas, jurnalistlar bilan muloqot”, deya javob berdi. Bir kun oldin matbuot anjumani deya e`lon qilingan tadbir ichkarida “jurnalistlar bilan muloqot” nomiga o`zgarib qoldi. 

Jurnalistlar bu talabga ham rozi bo`lishdi. Ammo bu muloqotda aytilgan gap-so`zlar ham yoritilishi mumkin emas ekan. “Yoritiladigan taqdirda ham men bilan kelishilgan holda yoritishingiz mumkin”, deya qo`shimcha talab qo`ydi o`zini TIVning matbuot kotibi deya tanishtirgan shaxs. 

Umrimizda ilk bor bunday “Matbuot anjumani”da ishtirok etgan biz jurnalistlar o`zimzini go`yoki “masson”lar yig`ilishida o`tirgandek his qilidik. 

TIV matbuot kotibi qo`ygan talab bajarildi. Ya`ni, mazkur tadbir haqida hech qaerda yoritilmadi. Tadbir yoritilmas ekan, unda bu “Matbuot anjumani” nomi bilan o`tkazilgan tadbir yuqori tashkilotlar uchun hisobotmidi? 

Hisobot ekan, unda TIV matbuot xizmati OAV xodimlarining qimmatli vaqtini olib, ularning ustidan kulishga qanday haqqi bor edi?

TIVning oldin “Matbuot anjumani” nomi bilan atalib, keyin o`zgartirilgan tadbirida Rost24.uz`ning ishtirok etishida ham maqsad bor edi:

Tashqi ishlar vazirligimiz jamoatchilik va OAV uchun NEGA yopiq va o`ta maxfiy hisoblanadi, O`zbekiston va xorijiy davlatlar o`rtasidagi yangilik va xabarlarni nega doim chet el mediasidan olamiz, TIV shu oddiy ma`lumotlarni ham sir saqlasa, vazirlik matbuot xizmati uchun nega oylik-maosh ajratadi?, mazmunidagi savollarga javob olmoqchi edik. Biroq, chuchvarani xom sanagan ekanmiz, o`zimiz bir dunyo qo`shimcha javobsiz savollar bilan qaytdik.

* * *

Qo`shimcha, TIV matbuot xizmati o`sha kuni tadbir haqida qisqagina hisobot tarzidagi xabarni joylashga o`zida kuch va jur`at topa oldi. 

"Bugun Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati OAV vakillari bilan Vazirlikning 2024 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyatiga bag`ishlangan muloqot o`tkazdi.

Uchrashuvimiz davomida bir qator mavzularni qamrab oldik. Bu kabi samimiy ruhdagi muloqotlarni kelgusida ham doimiy ravishda tashkil etamiz", – deyiladi xabarda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
36
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар