O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi nega "Evro-2024" translyasiyasini sotib olmadi?
Ayni kunlarda butun dunyoning nigohi 2024 yilning eng yirik sport musobaqasi – futbol bo`yicha "Evro-2024" o`tayotgan Germaniya stadionlariga qaratilgan.
O`zbekistonda ham chempionat katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. Ajablanarlisi shuki, Evropa chempionatini O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining "Sport" telekanalida emas, aksincha, musiqiy-ko`ngilochar “ZorTV” telekanali orqali kuzatib borayapmiz.
Sport musobaqalarini yoritish va translyasiya qilish uchun davlat tomonidan milliardlab sarmoyaga ochilgan maxsus sport telekanalimiz bo`la turib, chempionatni aynan xususiy ko`ngilochar telekanalda kuzayotganimiz juda ajablanarli holdir.
Ma`lumotlarga ko`ra, “ZorTV” telekanali “Evro-2024” translyasiyasi huquqini 1,2 million AQSh dollariga sotib olgan. “Zo`rTV” sarflangan ushbu summasini qoplab, foydaga kirganini chempionat doirasida qo`yilayotgan reklamalardan ham bilish qiyin emas.
Mazkur imkoniyatdan nega "Sport" telekanali foydalana olmaganining sababini bilish uchun kanal direktori Zohid Karimov bilan bog`landik.
“Nega telekanal chempionatning translyasiya huquqini sotib olmadi?”, degan savolga Z.Karimov “Bunga MTRK javob bera oladi, SportTV katta chempionatlar translyasiyalarini sotib olishga to`g`ridan-to`g`ri aralasha olmaydi”, degan javobni berdi.
Shundan so`ng ma`lumotlarimizga aniqlik kiritib, turli shubha-gumonlarga chek qo`yish maqsadida, MTRK rahbariyati bilan bog`lanishga harakat qildik. Ammo natija bo`lmadi. Iqtisodiy masalalar bo`yicha rais o`rinbosari Madamin Safarov va Moliya boshqarmasi qo`ng`iroqlarimizga javob bermadi. MTRK raisining yordamchisi “bu masalalarga faqat raisning o`zi javob bera oladi”, deya aloqani uzib, telefonini boshqa ko`tarmadi.
Sport bo`yicha eng yirik xalqaro musobaqalarni Markaziy Osiyoga translyasiya qilish huquqini Turkiyaning Saran Media kompaniyasi qo`lga kiritgan.
Bu kompaniya nega futbol bo`yicha evropa chempionatini O`zbekistonning maxsus sport telekanaliga bermadi, degan savol tug`ilishi tabiiy. Avvalo, translyasiya huquqini sotib olgan kompaniya kim ko`proq narx taklif qilsa, shunga beradi. Yana boshqa bir ma`lumotlarga ko`ra, MTRK Turkiyaning Saran Media kompaniyasidan oldingi shartnomalar bo`yicha anchagina qarzdor ekan.
MTRK haqiqatdan Turkiya kompaniyasidan qarzdormi yoki yo`q, shu savolga aniqlik kiritish uchun MTRK rahbariyati bilan bog`lanib ko`rmoqchi edik. Ammo, yuqoridagi gap...
Davlat byudjetidan milliardlar ajratiladigan maxsus sport telekanalimiz katta daromad keltiradigan xalqaro musobaqa translyasiyasi huquqini nega sotib olmagani sirligicha qolmoqda.
Eng kuchli sharhlovchilar jam bo`lgan "Sport" telekanali xodimlarining o`zi futbol bo`yicha evropa chempionatini ko`ngilochar telekanal orqali tomosh qilishmoqda. NEGA?