Imkon bo`lganida o`qir edim — kurer qiz

09.06.2024 21:52

"Ukam va singlimga qarashim kerak. Hozir ular o`qib, katta odam bo`lishlari uchun men harakat qilishim zarur. Shu sababli, men kurerlikni tanlagan edim" - Kurer qiz bilan suhbat

Karina Axmedgaraeva 19 yoshda. Qahramonimiz bir qancha ishlarda ishlagan. Ular orasida kurerlik ham bor.

"Oilada 3 farzandmiz, men, ukam va singlim. Oilamiz oddiy, dadam usta, oyim yo`q. Ko`p ishlarda ishlaganman, oxirida kurer bo`lib ishlashni boshladim. Kurer bo`lib ishlaganimning sababi, oyligi yaxshi bo`lgani va vaqt ko`proq,  ukalarim uchun vaqt ajrata olar edim. Ularning o`qishiga va tarbiyasiga vaqt ajratish kerak. 

Kurer bo`lib ishlashni boshlaganimda, atrofdagilar g`alati qarashgan va juda xayron bo`lishgan. Ko`pchilik, siz kurermisiz, deb hatto, o`zimdan so`rab ham ketishardi. O`qisang bo`lmaydimi, qiz bolaga qiyin va boshqa gaplarni juda ko`p aytishardi, ammo sababini tushuntirganimdan keyin ular meni tushunishardi. 

Aslida 12 soat ishlaganman va kechki payt ham chiqardim, chunki pul kerak edi.

O`qishga qiziqishim bor, lekin vaqtim bo`lmayapti. O`qishda barcha e`tiboringni o`qishga qaratish kerak, shunchaki o`qiydigan bo`lsam buning foydasi bo`lmaydi. Hozir ukam va singlim bor. Ularga qarashim kerak, ular katta bo`lib, odam bo`lishi uchun hozir harakat qilishim kerak. Shu sababli o`qishni emas, ishni tanladim. 

Ota-ona har doim farzandini qo`llab-quvvatlashi kerak. Menda hech kim bo`lmagan, faqat tog`am ishongan. O`zim ko`p insonlar bilan suhbat qurib, kuzatib o`rganganman. Agar menda haqiqatdan ham sharoit bo`lganida, orqamda ota-onam turganida, men o`qigan bo`lar edim. Shu sababli o`zim harakat qilyapman. Agar men harakat qilmasam, ukam va singlim qolib ketadi, deb o`ylayman. Ular uchun harakat qilyapman",  - deydi qahramonimiz.

Kurer bo`lib ishlashi Karinaga yangi soha va yangi hayotga kirib kelishiga sabab bo`lgan. Va u haqiqiy kasbini, aynan kurerlik orqali topgan.

"Mobilografiyani o`rganishimga ham aslida kurerlik sabab bo`lgan. Kechkurun sumkam bilan ishdan qaytayotganimda kimdir videoga olib instagram'ga joylagan, va buni hatto o`zim 3 kun o`tib ko`rganman. Qo`limda jiyanim bor edi. Odamlar izohlarga har xil gap yozishgan. Eri uydan haydagan, ko`chada yashaydi, ota-onasi yo`q, shu kabi gaplar yozishgan. Videoni kechqurun ko`rganman,  qarindoshlar, do`stlar orasida ham muhokama bo`lgan. Menga juda ko`p tashlashgan, bu senmisan deb. O`zimni ko`rib juda hayron qolganman. Keyin izohlarni o`qib chiqqanman va ular orasida  "Mobilografiyani o`rgataman shu qizni topib beringlar", deb ustozim yozgan ekanlar. Feyk bo`lsa kerak deb o`ylaganman, boshida. Lekin ikki kun o`tib, ustoz bilan ko`rishganmiz va menga dars o`tishni boshlaganlar. Juda qiziqdim bu sohaga. Juda qo`rqqanman boshida, lekin hozir yaxshi", – deydi Karina Axmedgaraeva.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар