O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi tomonidan kecha "KRIPTOVALYuTALAR SAVDOSI JOIZMI?" degan mavzuda savol-javob joylashtirilgan edi.
Unda Bitkoin, Notkoin kabi kriptavalyutalarni o`zaro ayriboshlash va ular bilan savdo-sotiq qilish shar`an joiz emasligi ma`lum qilingan.
“Chunki ushbu kriptovalyutalarda shariatimiz tomonidan pulga qo`yilgan talablar topilmaydi. Qolaversa, ularni biror davlat ishlab chiqarmagani yoki rasman tan olmagani, narxining keskin o`zgaruvchanligi hamda unda qimor alomatlari borligi u bilan muomala qilish harom ekaniga asos bo`ladi”, – deyilgan Fatvo markazining xulosasida.
Kechani o`zida O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi mazkur bayonot bo`yicha raddiya berdi.
Fatvo markazi mazkur savol-javob loyihasi texnik sabablarga ko`ra, ehtiyotsizlik oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilinganini ma`lum qildi.
“Fatvo markazi direktori Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va u kishining o`rinbosarlari muborak haj safarida ekani, mazkur fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga etmagani va shuningdek, zamonaviy masalalarni keng qamrovli o`rganish ishlari olib borilayotganini bildiramiz”, – deyiladi O`zMI Fatvo markazining raddiyasida.