Sudyalarimiz hukm chiqarishi uchun qonun shart emasmi?

23.05.2024 11:47

Mirobod tuman sudyasi xorijda bo`lgan fuqaroga IIB xodimlarining qonuniy talabiga bo`ysunmaganligi uchun 15 sutkaga qamashga hukm chiqargan.

Huquq faoli Abduraxmon Tashanov jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tumani sudining shu yil 17 may kungi ma`muriy huquqbuzarlikka oid qaroriga e`tibor qaratgan.

Sudya S. Xojamqulovaning qaroriga ko`ra, fuqaro Umid Rustamov shu yilning 16 aprelida ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga bo`ysunmaganligi uchun mayda bezorilik bilan 15 sutkaga qamalgan.

Sud qarorida bu hodisa Toshkent shahar Mirobod tumani Said Baraka ko`chasida sodir bo`lgan. Ma`muriy huquqbuzarlik ishda to`plangan materiallar, guvohlarning ko`rsatmalari va bayonnomalar bilan to`la o`z isbotini topgan.

Achinarli va kulgili tomoni shuki, IIB xodimlarining talabiga bo`ysunmagan Umid Rustamov ayni o`sha kuni aniqrog`i, 20 martdan 25 aprelgacha oilasi bilan Rossiyada bo`lgan. Ya`ni, sudya fuqaroni bezorilik sodir etganlikda ayblagan kunlarda u mamlakatimizdan 5 ming chaqirim uzoqda ekanini isbotlovchi hujjatlar ham taqdim qilingan. Ammo bular inobatga olinmagan. Yana ham achinarli jihati, bu qarorni apellyasiya sudi ham kuchda qoldirgan. A. Tashanovning aytishicha, aybsiz aybdor hattoki, advokati bilan ham uchrashtirilmayotgan ekan.

Aslida esa, “Ayol taksi” deb nomlangan shirkat xodimlari ustidan boshlangan ov bu. Ichki ishlar organlarida shirkat xodimlari faoliyatiga oid qandaydir tezkor ma`lumotlar bor, tezkor ma`lumotlarni tekshirib, xodimlarni gumondorga aylantirish uchun vaqt kerak.  Bir amallab 15 sutkaga tiqib olishsa, qolganini davom ettirish mumkin. “Bo`ysunmadi” degan navbatchi ayblov bilan ma`muriy ish sudga olib chiqiladi, sud qamoqni qonunlashtirib beradi, tamom.

Huquqni muhofaza qilish organlarining bu kabi amaliyoti yangilik emas. Hozirgi kunda, hatto bu qonunbuzarlik ham bo`lmay qoldi, ammo sudlar ishni “qonunlashtirayotganida” hujjatlarni bir tekshirib qo`yishsa, olayotgan maoshlari halol bo`larmidi?”, – deya so`zining oxirida ritorik savol qoldirgan A.Tashanov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар