“Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Yamagata universiteti bilan o`zaro kelishuvga muvofiq, 10 ming nafar o`zbekistonlik tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o`qitilishi belgilangan.
Bu haqida “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan tashkillashtirilgan matbuot anjumanida aytildi.
Kurslarda o`qish tadbirkorlar uchun bepul va 100% yapon mutaxassislari tomonidan o`zbek tilida amalga oshiriladi. Tadbirkorlar https://biznes-portal.uz/ platformasi orqali ro`yxatdan o`tishlari mumkin.
Yaponiyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlikda o`tkaziladigan mazkur o`quv kurslarida tadbirkorlar biznes ko`nikmalarini rivojlantirish, biznes-rejani ishlab chiqish, loyihalarni moliyalashtirish manbalarini topish kabi yo`nalishlarda o`qitiladi.
Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar ko`magida mahalliy kadrlar orasidan mentorlar tayyorlanadi. Kelgusida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg`armasi” tomonidan tadbirkorlarni o`qitish ishlari mentorlar yordamida tashkil etilishi rejalanmoqda.
Qayd etish joizki, tadbirkorlikka o`qitish dasturining Lean Management metodikasi ilk bor Yamagata Universiteti tomonidan O`zbekistonga olib kirilmoqda.
Ma`lumot uchun: 1949 yilda tashkil etilgan Yamagata universiteti Yaponiyaning milliy universiteti bo`lib, jahondagi eng yaxshi 600 universitetlar qatoriga kiradi. Yamagata universiteti 18 mamlakatdagi 48 ta universitet va institutlar bilan hamkorlik qiladi.