«Biznesni rivojlantirish banki» xodimlari xorij tajribasini o`zlashtirdi

06.04.2024 16:29

Joriy yilning 4-5 aprel kunlari «Biznesni rivojlantirish banki» ATB xodimlari uchun «O`zgarishlarni boshqarish va Agile metodi» mavzusida o`quv dasturi tashkil etildi. Sber universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu dasturda mashg`ulotlar mahorat darslari va interaktiv muhokamalar tarzida olib borildi.

Bank transformasiyasida ilg`or xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda bank xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish muhim hisoblanadi.

Bu borada «Biznesni rivojlantirish banki» ATB Sber universiteti va Sbergile mutaxassislari bilan hamkorlikda o`quv dasturi ishlab chiqdi. Bankning 30 nafar etakchi xodimlari 3 oy davomida ushbu mashg`ulotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi va Sber universitetining sertifikatlariga ega bo`ldi.

“Mazkur jarayonda bankning rahbar xodimlari o`z faoliyatidagi o`zgarishlarni boshqarishning Agile uslubini qo`llash muhim hisoblanadi. Bunda rahbarlardan boshqaruvning samarali yo`llarini topish, uni to`g`ri yo`lga qo`yish, yangi g`oya va yangi tashabbuslar bilan chiqish, ilg`or texnologiyalarni joriy etish talab qilinadi. Shuningdek, ular uchun muayyan guruhga etakchilik qilish va murakkab vaziyatda mas`uliyatni o`z zimmasiga olish ham alohida ahamiyat kasb etadi”, – deydi Strategiya bosh direktori B.Rahmatov.

Sber universiteti va Sbergile mutaxassislari bilan birgalikda «O`zgarishlarni boshqarish (Change management)» mavzusida ishlab chiqilgan o`quv dasturi ana shu maqsadlarni ilgari surdi.

Seminar-trening davomida Sbergile lideri Anton Savelev ishtirokchilarga bank tizimida institusional transformasiya jarayonlarida yangicha mexanizmlarni o`zlashtirish va xorijiy davlatlarning ilg`or tajribalarini o`ziga xos jihatlari hamda zamonaviy boshqaruv modellari bo`yicha mahorat darslari o`tkazdi.

“Xorijiy mutaxassislar hamkorligida 3 oy davomida onlayn va oflayn o`quv jarayonlari amalga oshirildi. Bunda bankning rahbar xodimlari asosan «O`zgarishlarni boshqarish modellari» (Kurt Levin, ADKAR), bankni rivojlantirishda «Agile» metodining ahamiyati (Kotter modeli), o`zgarish jarayonlarida diagnostika ishlarini amalga oshirish, o`zgarishlarda yuzaga keladigan qarshiliklar bilan ishlash instrumentlari, shuningdek, xodimlarda liderlik ko`nikmalarining rivojlanishiga ta`sir etuvchi omillar ko`rib chiqildi. Ya`ni, o`zgaruvchan vaziyatda hozirjavoblik bilan qaror qabul qilish hamda tezkor qaror qabul qilish holatlari bo`yicha keng va atroflicha tushuncha berildi. Shuningdek, trening davomida ishtirokchilar o`z bilimlarini mustahkamlash bilan bir qatorda boshqaruvning yangi usullarini o`rganish imkoniga ham ega bo`ldi”, – deydi Bank strategik rivojlantirish departamenti direktori O.Shukurova.

Reklama

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар