Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonovga kim bosim qilmoqda?

05.04.2024 13:56

O`zbekistonda 1 apreldan avtomobillarni ro`yxatdan o`tkazish va qayta ro`yxatdan o`tkazish uchun to`lovlar 68,4 baravar (34 ming so`mdan 2,32 mln so`mgacha), elektromobillar uchun esa 15 baravarga oshdi. Ichki ishlar vazirligining bu bo`yicha buyrug`i to`lovlar miqdori oshishidan bir kun oldin to`satdan qabul qilingani ko`pchilikda shubha uyg`otib qo`ydi.

IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati 30 mart kuni «Elektromobil haydash endi yanada foydali bo`ladi» sarlavhasi ostida stavkalar o`zgarishi haqida xabar berdi, biroq o`zgarishlarni tasdiqlovchi hujjatni ko`rsatib o`tmagan.

O`zbekiston ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonovning 31 martda imzolagan 164-sonli buyrug`ini 30 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Kuchkarov ham tasdiqlab bergan.

Hech bir qonun va qonunosti hujjatlariga to`g`ri kelmaydigan bu narx oshirish jamoatchilikda kattagina e`tirozlarni uyg`otib qo`ydi. Mashinalar bilan bog`liq bunday “o`yinlar” birinchi marta bo`lishi emas. Misol uchun, kunduz kuni chiroq yoqib yurish, “tonirovka” muammolari ham jamoatchilik tomonidan yaxshigina qarshiliklarga uchragan edi.

Xalqdan majburiy pul yig`ish sxemasiga asoslangan “Yagona imtihon markazi”ning faoliyati esa, barcha e`tiroz va tanqidlarni ham engib o`ta oldi.

Mashinalarni ro`yxatdan o`tkazishni 68 baravarga oshirish “g`oyasi” to`satdan qabul qilinishi hamda bu fikr ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonovdan chiqishida qandaydir shubha-gumonlar borga o`xshaydi. Unda shundoq ham IIBdagi muammolarning o`zi etarli darajada edi. Shuningdek, bu loyiha ikkinchi vazir Jamshid Kuchkarov tomonidan tasdiqlanishi ham xayratlanarli holdir.

Ikki vazir ham 164-sonli buyruqni tasdiqlab, jamoatchilikka tushuntirish yoki izoh bermasdan mum tishlab o`tirishida ham qandaydir sir bordek, nazarimizda.

Go`yoki, ikkita gigant vazirlikning vazirlari ham “Astronomik raqamlarni hosil qiladigan bu pullarga kim egalik qilayotgan bo`lsa, o`zlari javob bersin”, degan ma`noda jimlikni saqlashayotgandek tuyulmoqda.

Ma`lum bo`lishicha, 68,4 baravar oshirilgandan hosil bo`lgan 2 325 600 so`m alohida hisob raqamiga tushirilar ekan.

Ichki ishlar vazirligiga taalluqli bo`lgan 4014228XXXXXXXX3429947179 hisob raqamiga (X o`rnidagi raqamlar hududlarga qarab o`zgaradi) aynan 68 baravar oshirilgan summalar alohida yo`naltiriladi.

Hisobsiz ravishda pullar oqib kiradigan mazkur hisob-raqam esa, qaysi tomonga qaratilgani ko`pchilik uchun qiziq tuyulishi tabiiy hol, albatta.

Buning ortida esa qo`l urgan sohasini monopoliyaga aylantira olish qudratiga ega professional monopolist turgani ayon.

Agar shunday bo`lmaganida, Po`lat Bobojonov dardini ichiga yutib o`tirmasdan sirli sukunatga barham bergan bo`lar edi.

Vazirning hech bir rasmiy hujjatga to`g`ri kelmaydigan 164-sonli buyrug`i bekor bo`lishi mumkin, ammo bu buyruqni imzolashga majbur qilgan qudratli shaxsning kimligi sirligicha qolishi aniq.

Eslatma, 164-sonli buyruqqa ko`ra, har bir mashinani ro`yxatdan o`tkazish –2 325 600 so`m, davlat raqami berish –1 190 000 so`m va guvohnoma berish – 238 000 so`m, jami 3 753 600 so`mni tashkil etmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
36
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар