Hujjatlarga imzo qo`yganlar rahbarlar edi, jabrini tortganlar esa, oddiy xodimlar.
“O`zagrosug`urta” AJdagi xodimlarning ma`lum qilishicha, 2022 yil Shuhrat Rasulov rais etib tayinlagach, rahbariyatning fikrlari bir joydan chiqmay yangi rais o`zining o`rinbosari M.Miravzalovga qarshi kurash boshlagan ekan. Yangi rais Mikrokredit bankdagi tanishi Shuhrat Boltaevni kompaniyaga Ichki audit rahbari lavozimiga tayinlaydi.
Yangi tayinlangan Ichki audit rahbari esa taftish o`tkazish uchun yirik korxonalar bilan tuzilgan sug`urtalar ichidan Sudyalarning xayotini sug`urta qilish, JM “O`zavtomortors”ning eksport qilinayotgan mashinalar sug`urtasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ bilan qilingan sug`urta ishlarini tanlab olar ekan. Negaki, aynan ushbu korxonalar M.Miravzalov mas`ul bo`lgan hududlarga tegishli ishlar ekanligi aytilmoqda.
Ichki audit rahbari taftish xulosalarini prokuraturaga, prokuratura esa sudga oshiradi. Bir yildan oshiq vaqtdan buyon sud jarayonlari ketmoqda.
Ayni kunda Zangiota tuman Jinoyat ishlari bo`yicha sudida ko`rilayotgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” bilan tuzilgan birgina shartnoma epizodini o`rganib ko`ramiz:
Surishtiruvlarimizga ko`ra, 2021 yil 2 iyul kuni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” (AGMK) o`zining sayti orqali sug`urta shartnomasi tuzish bo`yicha tanlov e`lon qilgan. Xabarni ko`rgan “O`zagrosug`urta”ning Shayxontoxur tuman xodimi Erkin Ashurov e`lon bo`yicha ishlashni boshlar ekan.
Ma`lum bo`lishicha, kombinat mas`ullari bilan 4 marotaba muzokara o`tkazganidan keyingina shartnoma tuzilishiga erishilgan.
Shartnoma tuzilganidan so`ng, 2021 yil 22 iyun kuni Markaz menedjeri tomonidan Toshkent shahar filiali rahbari nomiga “O`zagrosug`urta” Nizomiga asosan markaz xodimlarining har oy yakunlari bo`yicha mukofotlash fondining chegaraviy miqdorini 35 foiz etib belgilanishi so`ralgan (14-06/32 raqamli) xat yuboriladi.
Qoida bo`yicha, mazkur mazmundagi xat o`sha kuni Toshkent shahar filiali rahbari nomidan “O`zagrosug`urta” AJ Boshqaruv raisi Sarvar Otamuratov nomiga (05-06/805 raqamli xat) ham yuborilgan. Jamiyat Boshqaruv raisi tomonidan 2021 yil 22 iyul kuni imzolangan 10-09 1573 raqamli javob xatida esa, so`rovnomaga ruxsat berilgani ochiq-oydin bayon etilgan.
“...Nizom talablaridan kelib chiqib, Shayxontohur sug`urta markazi xodimlarini mazkur sug`urta shartnomasi doirasida har oy yakunlari bo`yicha mukofotlash fondini aniqlashda sug`urta mukofotiga nisbatan 35 foizgacha miqdorda hisob-kitoblarni amalga oshirishga ruxsat beriladi”, – deyiladi “O`zagrosug`urta” AJ Boshqaruv raisi Sarvar Otamuratov tomonidan imzolangan xatda.
Shaxsan Boshqaruv raisining ruxsati va “O`zagrosug`urta” AJ tizimidagi xodimlar mehnatiga haq to`lash to`g`risidagi NIZOM”ga ko`ra, shartnoma qilishga erishgan jamiyat Toshkent shahar filiali Shayxontohur tuman markaz menedjeri Erkin Ashurov mukofot pulini o`zi oladi.
Bugun esa, rahbariyat imzosi va ruxsati bilan mukofot puli olgan oddiy xodim Erkin Ashurov Boshqaruv raisi va uning o`rinbosarining o`zaro shaxsiy adovatlari sabab, sud kursisida ayblanuvchi bo`lib o`tiribdi.
O`rinbosar M.Miravzalov ochilgan uchta epizoddan ham chiqarib yuborilgan. Vaqtida mijoz topgan xodimlarning 35 foiz miqdorda mukofot pullarini olishiga rozilik berib, imzo chekkan sobiq Boshqaruv raisi ham sudga chaqirtirilgan.
2016 yil “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod bo`lgan sobiq rahbar Sarvar Otamuratov esa, sudda ruxsat berganini tan olgan. Ammo oddiy xodimlar bunchalik olishi kerak emas edi, deya javob berish bilan kifoyalangan.
Shu erda savol tug`iladi: hujjatlarni imzolaganlar va ruxsat berganlar aslida rahbarlar edi, ammo bugun oddiy xodimlar sudlarda hisob bermoqda. Yoki amaldorlar uchun alohida qonun mavjudmi?
Mazkur ishda jumboqli savollar ko`p. Ammo, javob beruvchilar g`avg`oli ishlardan silliqqina chiqib, tashqarida kuzatuvchi bo`lib o`tirishibdi.